Prezident borayotgan mahalladan majburiy mehnatning “hidi kelyapti”
Jamiyat
−
08 aprel 2022
16020Xabaringiz bor, kecha, 7 aprel kuni QALAMPIR.UZ muxbiri Toshkentning Olmazor tumani Forobiy ko‘chasi atrofida Prezident tashrifi oldidan obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani va o‘zini Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari deb tanishtirgan yigitlar majburiy mehnatga jalb etilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti munosabat bildirdi.
Unda qayd etilishicha, QALAMPIR.UZ keltirgan faktlar taxminiy fikrlar va asossiz.
“Bugun ijtimoiy tarmoqlarning birida talabalar majburiy mehnatga jalb qilingan degan taxminiy fikrlar bilan asossiz xabar tarqatildi.
Olmazor tuman hokimligi va Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida doimiy ravishda hamkorlikdagi turli tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan va amalga oshirib kelinayotgan ishlarga ushbu tuman aholisidan faqat ijobiy fikrlar eshitishimiz mumkin.
Xususan, ushbu tumanning Forobiy ko‘chasida hamkorlikda tashkillashtirilgan bugungi obodonlashtirish ishlari ham shular jumlasidandir.
Shuni alohida ta’kidlashimiz joizki mazkur tadbirda talabalar emas, balki ushbu tumanda yashovchi harbiy xizmatchilar va ko‘ngilli sportchilarning ishtirok etganligi, tuman aholisining jipsligidan dalolat beradi”, deyiladi rasmiy izohda.
Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, QALAMPIR.UZ Olmazor tumanida harbiy xizmatchilar va ularning oilalari istiqomat qilishini rad etmaydi. Biroq, ular yashaydigan manzil bir haftadan buyon obodonlashtirish o‘tkazib kelinayotgan Forobiy ko‘chasidan o‘rtacha 1,5-2 km uzoqlikda, “Yoshlik” talabalar shaharchasida joylashgan. Qachonki, “Yoshlik” talabalar shaharchasining o‘zida obodonlashtirish uchun maydonlar yetarli va o‘sha harbiy xizmatchilarning uyi ham o‘sha yerda joylashgan bo‘lsa, ular nima uchun ko‘ngilli sifatida boshqa birovning uyi atrofini tozalasin? Janoblar, suvash uchun tuzukroq andava topilmadimi?
Yana bir qiziq jihat: agar belkurak va supurgi ko‘targanlar ko‘ngillilar bo‘lsa, ularning bir xil libos kiyib olgani ham tasodifmikan yo hokimbuva hotamtoylik qilib, ko‘ngilli xizmatga, ko‘ngilli rag‘bat deya bir xil liboslar sovg‘a qildilarmikan?
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qachondan universitetlar hamkorlik asosida hokimliklarga ko‘ngilli ishchilarni obodonlashtirishda foydalanish uchun yuboradigan bo‘ldi? Agar obodonlashtirishga jalb etilganlar talaba va o‘qituvchilar bo‘lmasa, unda kim? Agar ular shu tumanda yashaydigan harbiylar va sportchilar bo‘lsa, nega bu masalaga universitet javob yo‘llayapti? Universitet o‘z izohida Forobiy ko‘chasidagi obodonlashtirish ishlari hamkorlikning bir namunasi ekanini tasdiqlagan. Demak, obodonlashtirishda yo universitet xodimlari, yo kursantlari qatnashgan. Buni esa ko‘ngillilik asosidagi obodonlashtirish deyish mumkinmi?
Universitet obodonlashtirishda talabalar emas, balki ushbu tumanda yashovchi harbiy xizmatchilar va ko‘ngilli sportchilar ishtirok etganini bildirdi. Ammo Siz aytayotgan ko‘ngilli harbiy xizmatchilar QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda Jamoat xavfsizligi universitetidan kursant ekanini aytishgan va bu audio yozuvda ham muhrlangan.
Bizda taxmin emas, isbotlovchi dalillar bor. Sizda-chi?
Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 aprel kuni Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida olib borilayotgan bundyokorlik va mahallalarni obodonlashtirish ishlari bilan tanishishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi