Toshkentdagi avtobus bekatlarining kelgusi taqdiri hal bo‘ldi
Jamiyat
−
23 iyul 1495 3 daqiqa
QALAMPIR.UZ’ning 17 iyul kuni “4 ta temir, 1 ta tom. “Zamonaviy bekatlar” qayerda?” nomli jurnalistik surishtiruvi e’lon qilingach, u turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham ushbu materialda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar yuzasidan 20 iyul kuni Toshkent shahar hokimligida o‘rganish ishlarini olib bordi. Jarayonda, hokimlik tomonidan qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, poytaxtda jami 2 871 ta bekat mavjud. Shundan 266 tasi zamonaviy tipdagi bekatga aylantirilishi uchun elektron auksionga chiqarilgan. Auksionda “Ewi snacks” MCHJ g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Tadbirkorga ijtimoiy bekat sifatida qo‘shimcha 230 ta bekat ham qayta rekonstruksiya qilish uchun topshirilgan. Shunday qilib, “Ewi snacks” MCHJ jami 496 ta bekatni yilning oxiriga qadar qurib bitkazish majburiyatini olgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tekshiruvi davomida, 2026 yil may-iyun oylarida 60 ta ijaraga olingan va 60 ta ijtimoiy, jami 120 ta bekat foydalanishga topshirilishi kerakligi aniqlangan. Biroq ko‘plab bekatlarda qurilish-montaj ishlari yakunlanmagani, zarur jihozlar to‘liq o‘rnatilmagani hamda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 120 ta bekatning birortasi bo‘yicha ham qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagani ma’lum bo‘ldi.
Shu bois agentlik tomonidan Toshkent shahar hokimligi shartnoma va bitimda belgilangan majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini, bekatlarni tasdiqlangan texnik talablarga muvofiq jihozlash hamda foydalanishga topshirish jarayonini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha ogohlantirildi.
Hokimlik rejasiga ko‘ra, yil yakuniga qadar poytaxtda 496 ta zamonaviy tipdagi avtobus bekati qurib bitkazilishi belgilangan.
Transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikromovning bildirishicha, so‘nggi yillarda poytaxtda avtomobillar soni bir necha barobar oshgani sababli tirbandliklarni kamaytirish maqsadida svetoforlar, yo‘l chiziqlari va harakatni tashkil etish sxemalari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Uning aytishicha, aynan shu jarayonlar dastlabki zamonaviy avtobekatlarni qurish ishlarining biroz kechikishiga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, mas’ullar tomonidan bekatlar qanday jihozlanishi haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, har bir bekatda 1 tadan elektron tablo (avtobuslarning qatnash vaqtini onlayn ko‘rsatib turuvchi elektron qurilma), SOS apparati (xavf tugmasi-102), kuzatuv kamerasi, 1,5-2 metrlik o‘rindiq, 1 dona chiqindi qutisi hamda vending apparati (ichimliklar va yengil tamaddi sotadigan avtomat) bo‘ladi.
Vending apparatidagi mahsulotlar bozor narxidan qimmat sotilmasligi sharti bilan o‘rnatilgan. Masalan, poytaxtning Furqat ko‘chasida avval mavjud bo‘lmagan hududda barpo etilgan yangi bekatdagi vending apparatida 0,5 litrlik gazlanmagan ichimlik suvi 3 ming so‘mdan sotilmoqda. Solishtirish uchun, xuddi shu mahsulot shahar ko‘chalaridagi ayrim do‘kon va rastalarda 7 ming so‘mgacha sotiladi. Agar vending apparatidagi mahsulotlar belgilanganidan qimmat narxda sotilsa, fuqarolar bekatga o‘rnatilgan SOS tugmasi orqali murojaat yoki shikoyat qoldirishi mumkin.
Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, zamonaviy avtobus kutish bekatlariga konditsioner yoki ventilyator o‘rnatish loyihada nazarda tutilmagan. Faqat ayrim to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari tushadigan bekatlarga tadbirkor tashabbusi bilan ixtiyoriy ravishda ventilyatorlarlar o‘rnatilishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, jahon tajribasida ham avtobus bekatlarini konditsioner bilan jihozlash majburiy amaliyot hisoblanmaydi. Xususan, Yevropa davlatlari Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlardagi jamoat transporti bekatlarida konditsionerlar o‘rnatilmaydi. Bunday yechim asosan iqlimi o‘ta issiq hududlarda qo‘llaniladi. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi ayrim avtobus bekatlari doimiy yuqori harorat tufayli konditsioner bilan jihozlangan.
Live
Barchasi