Bekatlar qurilishi kechikishi ortidan Toshkent shahar hokimligi ogohlantirildi. Ayb tan olinadimi?
Jamiyat
−
22 iyul 3662 2 daqiqa
Toshkent shahar hokimligi tomonidan birorta zamonaviy tipdagi avtobus bekatlari to‘liq bitkazilib, foydalanishga topshirilmagan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
QALAMPIR.UZ’ning 17 iyul kuni “4 ta temir, 1 ta tom. “Zamonaviy bekatlar” qayerda?” nomli jurnalistik surishtiruvi e’lon qilingach, u turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham ushbu materialda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar yuzasidan 20 iyul kuni Toshkent shahar hokimligida o‘rganish ishlarini olib bordi. Jarayonda, hokimlik tomonidan qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, poytaxtda jami 2 871 ta bekat mavjud. Shundan 266 tasi zamonaviy tipdagi bekatga aylantirilishi uchun elektron auksionga chiqarilgan. Auksionda “Ewi snacks” MCHJ g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Tadbirkorga ijtimoiy bekat sifatida qo‘shimcha 230 ta bekat ham qayta rekonstruksiya qilish uchun topshirilgan. Shunday qilib, “Ewi snacks” MCHJ jami 496 ta bekatni yilning oxiriga qadar qurib bitkazish majburiyatini olgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tekshiruvi davomida, 2026 yil may-iyun oylarida 60 ta ijaraga olingan va 60 ta ijtimoiy, jami 120 ta bekat foydalanishga topshirilishi kerakligi aniqlangan. Biroq ko‘plab bekatlarda qurilish-montaj ishlari yakunlanmagani, zarur jihozlar to‘liq o‘rnatilmagani hamda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 120 ta bekatning birortasi bo‘yicha ham qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagani ma’lum bo‘ldi.
Shu bois agentlik tomonidan Toshkent shahar hokimligi shartnoma va bitimda belgilangan majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini, bekatlarni tasdiqlangan texnik talablarga muvofiq jihozlash hamda foydalanishga topshirish jarayonini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha ogohlantirildi.
Hokimlik vakillari mazkur o‘rganish ishlari bo‘yicha rasmiy izoh berib, aniqlangan kamchiliklarni tan oldi.
“Ayrim ob’ektlarda hali ham kamchiliklar mavjudligini tan olamiz” deyiladi xabarda.
Shuningdek, hokimlik tomonidan berilgan xabarda transport infratuzilmasini yangilash faqat bekat konstruksiyalarini o‘rnatish bilan cheklanmasligi, bu jarayon maydonlarni tayyorlash, uskunalarni ulash, atrof hududni obodonlashtirish, shuningdek, tegishli xizmatlar bilan loyihaviy yechimlarni kelishishni ham o‘z ichiga olishi hamda boshlangan barcha ishlar izchil ravishda yakuniga yetkazilishi ma’lum qilingan.
Live
Barchasi