Zamonaviy bekatlarda konditsioner va ventilyatorlar bo‘lmaydi

Jamiyat

image

Toshkentdagi yangi avtobus bekatlarini qurishda konditsioner va ventilyatorlarni o‘rnatish nazarda tutilmagan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Joriy yilning 17 iyul kuni tahririyat tomonidan Toshkent shahridagi avtobus bekatlarining qurilishi kechikayotgani haqida tayyorlangan jurnalistik material e’lon qilingach, kecha, 21 iyul kuni shahar hokimligi QALAMPIR.UZ ishtirokida maxsus media-tur tashkil etdi.

Tur davomida bekatlar qanday jihozlanishi haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, har bir bekatda 1 tadan elektron tablo (avtobuslarning qatnash vaqtini onlayn ko‘rsatib turuvchi elektron qurilma), SOS apparati (xavf tugmasi-102), kuzatuv kamerasi, 1,5-2 metrlik o‘rindiq, 1 dona chiqindi qutisi hamda vending apparati (ichimliklar va yengil tamaddi sotadigan avtomat) bo‘ladi.

Vending apparatidagi mahsulotlar bozor narxidan qimmat sotilmasligi sharti bilan o‘rnatilgan. Masalan, poytaxtning Furqat ko‘chasida avval mavjud bo‘lmagan hududda barpo etilgan yangi bekatdagi vending apparatida 0,5 litrlik gazlanmagan ichimlik suvi 3 ming so‘mdan sotilmoqda. Solishtirish uchun, xuddi shu mahsulot shahar ko‘chalaridagi ayrim do‘kon va rastalarda 7 ming so‘mgacha sotiladi. Agar vending apparatidagi mahsulotlar belgilanganidan qimmat narxda sotilsa, fuqarolar bekatga o‘rnatilgan SOS tugmasi orqali murojaat yoki shikoyat qoldirishi mumkin.

Shuningdek, hokimlikning ma’lumotiga ko‘ra, zamonaviy avtobus kutish bekatlariga konditsioner yoki ventilyator o‘rnatish loyihada nazarda tutilmagan. Faqat ayrim to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari tushadigan bekatlarga tadbirkor tashabbusi bilan ixtiyoriy ravishda ventilyatorlarlar o‘rnatilishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, jahon tajribasida ham avtobus bekatlarini konditsioner bilan jihozlash majburiy amaliyot hisoblanmaydi. Xususan, Yevropa davlatlari Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlardagi jamoat transporti bekatlarida konditsionerlar o‘rnatilmaydi. Bunday yechim asosan iqlimi o‘ta issiq hududlarda qo‘llaniladi. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi ayrim avtobus bekatlari doimiy yuqori harorat tufayli konditsioner bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimligi tomonidan birorta zamonaviy tipdagi avtobus bekatlari to‘liq bitkazilib, foydalanishga topshirilmagani, shuningdek, ular davlat byudjeti hisobidan emas, balki ochiq elektron auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkor mablag‘lari evaziga qurilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing