Poytaxtda 496 ta yangi bekat: qurilish xarajatini kim qoplayapti?
Jamiyat
−
22 iyul 1891 2 daqiqa
Toshkent shahrida barpo etilayotgan zamonaviy tipdagi avtobus bekatlari davlat byudjeti hisobidan emas, balki ochiq elektron auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkor mablag‘lari evaziga qurilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Joriy yilning 17 iyul kuni QALAMPIR.UZ tomonidan e’lon qilingan “Yangisini qurmaguncha, eskisini buzma” – Toshkentda “zamonaviy bekatlar”ni qachon ko‘ramiz?” sarlavhali maqola e’lon qilinganidan so‘ng, kecha, 21 iyul kuni poytaxt hokimligi QALAMPIR.UZ uchun maxsus tur tashkil qildi.
Jarayonda shaharda qurilayotgan zamonaviy tipdagi avtobus bekatlari ko‘zdan kechirildi. Hokimlik rejasiga ko‘ra, yil yakuniga qadar poytaxtda 496 ta zamonaviy tipdagi avtobus bekati qurib bitkazilishi belgilangan.

Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaning aytishicha, yil boshida o‘tkazilgan ochiq elektron auksionda “Ewi Snacks” MCHJ g‘olib bo‘lgan. Auksion shartlariga muvofiq, kompaniya barcha bekatlarni o‘z mablag‘lari hisobidan qurib, foydalanishga topshiradi.
“Zamonaviy tipdagi avtobus bekatlari davlat byudjeti hisobidan qurilmayapti. Barcha xarajatlar tenderda g‘olib bo‘lgan tadbirkor mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Shu shart asosida hokimlik bekatlarni 10 yil muddatga tadbirkorga ijaraga bergan. Tadbirkor esa, bekatlarga reklama konstruksiyalari va vending apparatlari o‘rnatish orqali daromad olishi mumkin”, dedi hokimlik matbuot kotibi.
Shuningdek, Qosimova bekatlar qurilishi sekinlashayotganida tadbirkorning aybi yo‘qligini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda shahar yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishning besh bosqichli rejasi amalga oshirilmoqda. Shu sababli ayrim svetoforlar joylashuvi, bekatlar oralig‘i va boshqa yo‘l infratuzilmasi yechimlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bu jarayon 2027 yilga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
.jpg)
Transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikromovning bildirishicha, so‘nggi yillarda poytaxtda avtomobillar soni bir necha barobar oshgani sababli tirbandliklarni kamaytirish maqsadida svetoforlar, yo‘l chiziqlari va harakatni tashkil etish sxemalari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Uning aytishicha, aynan shu jarayonlar dastlabki zamonaviy avtobekatlarni qurish ishlarining biroz kechikishiga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimligi tomonidan birorta zamonaviy tipdagi avtobus bekatlari to‘liq bitkazilib, foydalanishga topshirilmagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi