Byudjet mablag‘larini sarflash tartibiga yangi talablar kiritildi
Jamiyat
−
18:57 974 2 daqiqa
O‘zbekistonda davlat byudjeti mablag‘larini rejalashtirish va sarflash tartibiga yangi talablar kiritildi. Endi asossiz yoki samarasi past deb topilgan byudjet xarajatlari qisqartirilishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 27 iyul kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan 3558-5-sonli hujjat bilan tasdiqlangan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.
Adliya vazirligi davlat byudjetini tuzish va ijro etish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangi tartibga ko‘ra, byudjet so‘rovlarida asossiz yoki samaradorligi past deb topilgan xarajatlar qayta ko‘rib chiqiladi. Tashkilotlar tegishli bildirnoma olganidan so‘ng 3 ish kuni ichida yangilangan byudjet so‘rovini taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, byudjet mablag‘larini taqsimlovchi tashkilotlarning rivojlantirish dasturlari endi kamida 3 yillik muddatga tuziladi. Ularda aniq natija ko‘rsatkichlari hamda kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlik belgilanadi.
O‘zgartishlar doirasida mahalliy byudjetlarni rejalashtirishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining roli ham oshiriladi. Ular daromadlar prognozi, xarajatlar miqdori va byudjetlararo transfertlar bo‘yicha takliflarni shakllantirishda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarga byudjet ssudasi ajratish bo‘yicha talabnomalar 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi, natijasi esa arizachiga 1 ish kuni ichida ma’lum qilinadi.
Qayd etilishicha, mazkur o‘zgartirishlar byudjet mablag‘laridan yanada samarali va maqsadli foydalanish, shuningdek, davlat moliyasi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 25 dekabr kuni “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandi. Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yil 5 dekabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2025 yil 18 dekabrda ma’qullangan. Qonunga ko‘ra, 1-darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ushbu qonunga muvofiq ajratiladigan byudjet mablag‘laridan faqat 2026 moliya yili davomida foydalaniladi va ular kelgusi moliya yiliga o‘tkazilmaydi.