Sanjik ishi: sudda yangi faktlar ochildi

Intervyu

Avvalroq, Sanjar Karimovning (Sanjik) Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan ayblanib hibslangani va uning ishi sudga oshirilgani haqida xabar berilgandi. Bugun, 20 aprel kuni unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining to‘rtinchi ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Bu haqida QALAMPIR.UZ muxbiri sud jarayonidan xabar berdi.

Sanjar Karimov 3 ta ish bilan ayblanmoqda. Bular — JKning 112-moddasi 1-qismi o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi firibgarlik yo‘li bilan moddiy boylik orttirish va 273-moddasi 2-qismi bilan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazishni nazarda tutuvchi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sud majlislisiga raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillariga sud jarayonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir qilish hamda videotasvirga olishni taqiqlandi. Shu bilan birga, audio yozuv va fotomateriallar olishga ruxsat berildi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, birinchi holatda: Sanjar Karimov Shahzod Rismatov bilan til biriktirib, Shaxlo Alimbayevaning ishonchiga kirgan holda, ularning uyini 12 kunga garovga qo‘yib, 240 ming dollar olib, keyin qaytarib berishni va’da qilgan. Biroq va’da bajarilmay, uy Karimov nomiga o‘tkazilib, keyinchalik boshqa shaxsga sotilgan. Natijada, jabrlanuvchiga 240 ming dollar zarar yetkazilgan.

Ikkinchi holatda: Karimov Shahzod Rismatovning onasi Feruza Rahmatullayevaga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li Shahzod Rismatovga qarzga bergan 240 ming dollarni qaytarishini, aks holda o‘g‘lini Dubayda o‘ldirib yuborishini, shuningdek uni garovda saqlab turganini aytib undan pul undirgan va tahdid qilgan.

Uchinchi holatda: Sanjar Karimovning yashash xonadonida tintuv o‘tkazilganda, turli joylarda giyohvandlik vositalari va ularni iste’mol qilishga mo‘ljallangan buyumlar topilgan. Ayblovga ko‘ra, ularni keyinchalik o‘tkazish maqsadida saqlab kelgan.

Bu galgi sud ishida Shaxzod Rismatov jazoni o‘tash muassasasidan online tarzda ishtirok etdi va guvoh sifatida ko‘rsatma berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karimov bilan birga Dubayda biznes boshlash maqsadida Alimboyevlarning uy-joyini va o‘ziga tegishli bo‘lgan ikkita avtomobilni garovga qo‘yish evaziga sudlanuvchidan ikki yuz yigirma ming AQSH dollari pul mablag‘larini olganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, u Dubayda garov evaziga ushlab turilmagan, biroq xorijda bo‘lgan vaqtda 15 kun davomida ID pasport to‘g‘rilash uchun Karimovning odamlari unga tegishli bo‘lgan shaxsga doir hujjatlarni vaqtincha olib turganini bildirdi. Shuningdek guvoh, bu vaqtda ayblanuvchi uning rasmlari va videolaridan foydalanib, onasidan o‘g‘li garovda deb aytib pul talab qilganini qo‘shimcha qildi.

Sud majlisini yoritish jarayonida Rismatovning onasi Feruza Rahmatullayeva tahririyatga Sanjar Karimov bilan suhbati yozib olingan audioxabarni taqdim etdi.

Audiozapisda "Bular hozir uyli bo‘lib qolmasin opa. Ular ham shuncha axlatga botirdi ham uyliyam bo‘lishi to‘g‘ri bo‘ladimi opa?“, deya Sanjar Karimov aytgan.

Mazkur sud majlisida, boshqa guvohlarning ham ko‘rsatmalari tinglandi. Majlis so‘ngida ayblanuvchi Karimovga so‘z berildi. U katta tadbirkor ekanini,  bu ishlardan faqat zarar ko‘rayotganini, bu vaqt ichida ko‘rsatilgan pul mablag‘idan-da ko‘proq pul ishlab topishi mumkinligini aytdi.

Ayblanuvchi bu ishda Shahzod Rismatov boshchiligidagi barcha uni aldagani, uyni garov evaziga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri oldi-sotdi shartnomasi orqali sotib olgani, pullarni Rismatovga tilxat yozdirib olgan holda bergani haqida ko‘rsatma berdi. Shunga qaramay u Alimboyevlardan sotib olgan uy-joyni ularga qaytarishga tayyorligini bildirdi.

"$240 ming dollar zarar qilsam ham mayli, men ularga uyni qaytarib beraman. Bular qilgan xato uchun men javob berishga tayyorman. Men bu ishda aybdor emasman", deydi sudlanuvchi Karimov.

Eslatib o‘tamiz, mazkur jinoyat ishi o‘tgan yili qo‘zg‘atilgan bo‘lib, 2025 yil 28 noyabrdagi 36 yoshli blogerga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. Sud jarayoni 2026 yil 10 aprelda sudya Bahrom Berdiyev raisligida boshlangan.

Hozirda sud jarayonlari davom etmoqda. Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ‘ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

sud Jinoyat Dubay jinoyat ishi garov Sanjar Karimov videotasvir sud jarayoni Bahrom Berdiev Sud majlislisi Shaxzod Rismatov Alimboev uy-joyi Feruza Rahmatullaeva

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing