Bloger “Real Sanjik” ishi sudga oshirildi
3-sahifa
−
08 aprel 4780 3 daqiqa
Avvalroq, “Real Sanjik” taxallusi ostida faoliyat yurituvchi bloger Sanjar Karimov o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish va giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, uning ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Toshkent shahar sudi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur jinoyat ishi birinchi instansiyada Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida sudya Bahrom Berdiyev raisligida ko‘rib chiqiladi. Birinchi sud majlisi joriy yilning 10 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi hamda 273-modda (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
“Real Sanjik” ishi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real Sanjik” bilan bog‘liq boshqa ish omma e’tiboriga tushgan edi, ya’ni 2024 yilning avgust oyida 1997 yilda tug‘ilgan Sh.R. (yigit) 1999 yilda tug‘ilgan Sh.A. (qiz)ga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgan, biroq to‘ydan avval muammolari borligi uchun uning uyini garovga qo‘yib turishni, muammolari hal bo‘lgach, unga uylanishini aytib, aldov yo‘li bilan uyni boshqa fuqaroga, ya’ni bloger va biznesmen “Real Sanjik”ga 240 ming dollarga sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi ko‘rilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov jarayonida fuqaro Sh.R. boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etganligi aniqlangan.
2025 yilning 21 noyabr kuni mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Unga ko‘ra, Sh.R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Holat jamoatchilik e’tiboriga tushgach, ushbu hovlining xaridori bo‘lgan taniqli bloger va tadbirkor “Real Sanjik” 240 ming dollarlik uyni bolalar uyiga ehson qilishga qaror qilgani haqida xabar bergandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi esa bloger turarjoyni topshirishga oid notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etmaganini ma’lum qildi.
Ushbu voqealar fonida, 2025 yilning 28 noyabr kuni u Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi