Firdavs Abduxoliqov sudi qoldirildi. Advokat sud imi-jimida o‘tishini so‘ramoqda

Jamiyat

Bugun, 4 fevral kuni Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ochilgan ma’muriy ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi o‘tkazilishi belgilangandi. 

Biroq sudlanuvchining salomatligi bilan bog‘liq muammo borligi sababli sudya eshituvni noma’lum muddatga qoldirdi. Bu haqda sud zalidan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova xabar berdi. 

Mediamagnat Firdavs Abduxoliqovning advokati sudyadan sud ishi davomida himoyasidagi Abduxoliqov ommaviy axborot vositalari tomonidan suratga va videoga olinishiga taqiq qo‘yilishi va sud qarori e’lon qilingunga qadar sud jarayonini internet yoki boshqa OAVlarda yoritilmasligini so‘radi. Sudya bu masalani sudlanuvchi sog‘aygach, keyingi sud majlisida hal qilinishini bildirgan.

Abduxoliqovning sudni OAV uchun yopiq sharoitda ko‘rish bo‘yicha iltimosiga sudya qanday javob qaytarishi bizga hozircha qorong‘u. Ammo shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyun kuni qabul qilingan PF-6247 sonli “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini eslatib o‘tish lozim.

Farmonga muvofiq o‘tgan yilning 1 dekabrdan boshlab davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha sud majlislari telekanallar va internetda jonli efirga uzatilishi kerak. Abduxoliqov ishida farmonning bu bandi unutilmoqda. Negaki, ish bo‘yicha dastlabki sud majlisi, masala jamoatchilik diqqat markazida turganiga qaramay, hech kimga bildirmasdan, imi-jimida o‘tkazib yuborildi.

"Sabriya" mashmashasi

Avvalroq, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qilgan edi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi

Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi

Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov  ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.

Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan. 

20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi. 

Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.

Keyinroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Bosh prokuratura Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochgani ma’lum qilindi. Biroq mahkama negadir ish sudga oshirilib, ko‘rish boshlangach, axborot berilgani kutilmagan bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

127

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing