Ziyofat avjida bo‘lgani uchun Abduhakimov chempionni kutib olishga chiqmaganmi? So‘z vazirga

Jamiyat

Xabaringiz bor, o‘tgan yilning 28 dekabr kuni Polsha poytaxti Varshavada o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatining rapid yo‘nalishida g‘alaba qozongan o‘zbekistonlik 17 yoshli shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov kecha, 2 yanvar kuni tunda Toshkentga qaytdi. Biroq rasmiylardan hech kim uni kutib olish uchun aeroportga chiqmadi, dabdabali marosim ham bo‘lmadi. Bu holat jamoatchilikning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi va bunda avvalo Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri, Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov tanqid ostiga olindi. QALAMPIR.UZ aynan shu masalada vazirdan izoh oldi.

Nodirbek Abdusattorovni boshqa sportchilar qatori kutib olinmagani haqiqatan ham keng muhokama bo‘lib, tanqidga ham uchradi. Tan olish kerak, bu tanqidlar o‘rinli. Lekin shuni ham aytib o‘tishim lozimki, biz Nodirbekni 3 yanvar kuni kutgan edik va shu kunga katta tayyorgarliklar ko‘rib qo‘ygandik. Kutilgandan oldin O‘zbekistonga kelgani tufayli texnik jihatdan ulgurmadik. Bunda Turizm va sport vazirligi xodimlarining ham mas’uliyatsizligi bo‘lgan. Albatta, o‘z aybimizni tan olamiz”, deydi Abduhakimov.

Vazir so‘zida davom etarkan, ijtimoiy tarmoqlardagi turli gap so‘zlarni kuzatganini aytib, “1 yanvar kuni bayram qilgani sabab g‘olibni kutib olishga chiqmagan” degan gaplarga munosabat bildirdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda bayram qilib, kutib olishga chiqolmagan” degan gaplar bo‘ldi. Bu noto‘g‘ri. Shaxsan men 1 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida respublika bo‘yicha navbatchi edim. Hamma ishda bo‘lgan. Afsus koordinatsiya bo‘lmagani sababli vazirlikni o‘rinbosarlari kutib olishga chiqolmay qolgan: biri viloyatda bo‘lgan, ikkinchisi tobi bo‘lmagani sababli ishga ham chiqmagan", deydi Abduhakimov.

Kalendar bo‘yicha dam olish kuni va bayram kunlarida ishga chiqilishi qanchalik to‘g‘ri? Bundan chiqdi Mehnat kodeksi eng yuqori idoralarda buzilyapti, shundaymi? Abduhakimov bunga quyidagicha javob berdi: 

"1 yanvar dam olish kuni bo‘lgani bilan davlat xizmatchilari xalqimizning dam olishini ta’minlashi kerak. Hukumatda va vazirlikda qat’iy tizim bor, 1 yanvar kuni bir sutka davomida, bayram kunlari ham Bosh vazir o‘rinbosarlarining hammasi vaziyatni nazorat qilib, tegishli choralarni ko‘rib, yuqori rahbariyatga axborot beradi. Bundan katta tragediya yasash shart emas. Bugun Nodirjonni katta tantana bilan kutib oldik. Chempionimizning o‘zi ham, oila a’zolari ham juda xursand bo‘ldi. Biz otasi bilan doimiy aloqada bo‘ldik. Bizga 1 yanvar kuni kelishini aytishmagani sal kechikishimizga sabab bo‘ldi”.

Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri, Shaxmat federatsiyasi raisi sifatida xodimlarning dam olishi va bayram kunlari ishga chiqmasligini qanchalik ta’minlaysiz, degan savolga javoban Abduhakimov vazirlik xodimlarining barchasi dam olishda ekani, lekin viloyatda bo‘lmagan yoki salomatligi joyida bo‘lgan o‘rinbosarlarning barchasi ishda ekanini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, rahbarlar ishda bo‘lishining sababi ham bor. Respublikadagi hamma jarayonlarni monitoring qilish va nazoratga olish vazir hamda uning o‘rinbosarlari zimmasida.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 3 yanvar kuni Jahon chempioni bo‘lgan Nodirbek Abdusattorovga “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti, Toshkentdan ikki xonali uy kaliti va 250 mln so‘m pul mablag‘i topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Abduhakimov Nodirbek Abdusattorov

Baholaganlar

567

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing