Mashinalarini qaytarayotgan “UzAutoMotors”, muhojirlarning yangi patenti, tergovdan qutilgan Birinchi Prezident... Bugun nimalar bo‘ldi?

Tahlil

image

Yakuniga yetayotgan 21 dekabr O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim voqealari qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 14 foizli kreditlar ajratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida: 

a) loyihalarni moliyalashtirish uchun maqsadli jamg‘armalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining resurslari tijorat banklariga yillik 10 foiz stavkada joylashtiriladi;

b) imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada.

“UzAutoMotors” uchta modeldagi mashinalarini chaqirib olyapti

“UzAutoMotors” AJ joriy yilning 5-17 dekabrida ishlab chiqarilgan Nexia, Cobalt va Lacetti avtomobillarini “Chaqirib olish” dasturini e’lon qildi

Kompaniya Matbuot xizmatining xabar berishicha, bu “Chaqirib olish” dasturi avtomobillarning orqa oyna isitish tizimini tekshirish zarurati bilan bog‘liq.

Barcha ishlar “UzAutoMotors” AJ xodimlari tomonidan dilerlik markazlarining servis xizmatida ishlab chiqaruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

“UzAutoMotors” ishlab chiqarilayotgan avtomobillar sifati va mijozlar talabini qondirishni o‘zining asosiy ustuvor vazifasi deb biladi. “UzAutoMotors” AJ bosh direktori Bo Andersson bu yil kompaniyaga kelganida sifatni keskin oshirishni va har qanday kamchiliklarga mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lishni e’lon qildi”, deyiladi xabarda.

Toshkent viloyati Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi $3,4 mlnga yer sotayotganda ushlandi

Noqonuniy yer savdosi bilan shug‘ullangan Toshkent viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi qo‘lga olindi. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazildi.

Viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi hamda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida ro‘yxatdan o‘tgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning norasmiy egasi o‘zaro til biriktirib, Qibray tumani hududida joylashgan mazkur MCHJga tegishli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan 13,7 gektar unumdor yer maydonini xaridorga 3 mln 425 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan.

Qashqadaryoda mast er xotinini o‘ldirib qo‘ydi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida ayol eri tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi Matbuot kotibi QALAMPIR.UZ’ga rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21 oktyabr kuni Yakkabog‘ tumani “Uyg‘ur” mahallasida yashovchi fuqaro U.E. mast holatda turmush o‘rtog‘i G.X. bilan o‘zaro janjallashib qolgan. Shunda mast er xotinini bir necha bor urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda ayol vafot etgan.

Xabarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan joriy yilning 22 oktyabr kuni Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha U.E.ga Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

“Face of Asia” go‘zallik tanlovida O‘zbekiston vakilasi g‘olib bo‘ldi

O‘zbekistonlik Margarita Muhamedjonova Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan nufuzli “Face of Asia” go‘zallik tanlovida g‘olib chiqdi. Bu yilgi tanlov pandemiya sabab onlayn shaklda o‘tkazildi. Saralash uch bosqichdan iborat bo‘lib, finalga uchta ishtirokchi yo‘l oldi. Shulardan biri O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etayotgan Margarita Muxamedjonova bo‘ldi.

Margarita hozir 25 yoshda u tashqi ko‘rinish, tillarni bilish, modelchilik sanoatidagi tajribasi va boshqa hujjatlar ko‘rsatkichi bo‘yicha to‘laqonli mos kelgan. U 15 yoshida  modellik bilan shug‘ullanishni boshlagan. Hozirda “JModels” agentligida model bo‘lib ishlaydi. Margarita turmushga chiqqan, farzandi ham bor.

Olam

Yangi buyruq: migrantlarning RFda bo‘lish muddatini qisqartiruvchi holatlar tasdiqlandi

Majburiy barmoq izlarini olish, suratga olish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan xorijiy fuqarolarning Rossiya Federatsiyasida vaqtincha bo‘lish muddati qisqartiriladi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining buyrug‘idan kelib chiqib xabar berilgan.  

“Agar chet el fuqarosi giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish, psixotrop moddalarni shifokor retseptisiz olish faktining mavjudligi yoki yo‘qligi uchun barmoq izini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, fotosuratga olish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortsa, chet el fuqarosining Rossiya Federatsiyasida vaqtincha bo‘lish muddati qisqartiriladi”,
deyiladi hujjatda. 

Kutilgan yangilik: turk lirasi dollar va yevroga nisbatan birdan mustahkamlandi

Turkiyada Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning mamlakat iqtisodiyotining kelajagi haqidagi bayonotlaridan so‘ng milliy valyuta — turk lirasi dollar va yevroga nisbatan birdan mustahkamlandi. Savdo ma’lumotlariga ko‘ra, dollar kursi liraga nisbatan pasayib, Amerika valyutasi birligi uchun 12,32 liraga yetdi.  

Kecha, 20 dekabr kuni savdolar davomida maksimal kurs bir dollar uchun 18,36 liragacha ko‘tarildi. Turk pul birligi 9 foiz qiymatini yo‘qotdi. Yevro kun davomida 20,68 lira bo‘lgan bo‘lsa, ayni damda u 13,64 liragacha arzonlashdi. 

Mahalliy ekspertlar bunday to‘satdan o‘zgaruvchanlikni Erdo‘g‘anning mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat kun tartibi bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan keyingi bayonotlari bilan bog‘lamoqda. U bozor iqtisodiyotini rivojlantirish uchun sharoitlarni saqlab qolishini aytgan. 

Rossiya mehnat muhojirlariga yangicha patent joriy qilmoqda

Rossiyada mehnat muhojirlariga yuzining elektron tasviri va barmoq izlarini o‘z ichiga olgan chipli karta ko‘rinishida patent berish boshlanadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining mamlakat huquqiy axborot portalida e’lon qilingan buyrug‘ida so‘z boradi.

“Rossiya Federatsiyasiga vizani talab qilmaydigan tartibda kelgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga elektron ma’lumot tashuvchisi bo‘lgan karta ko‘rinishida berilgan patent shakli tasdiqlansin”, deyiladi hujjatda.

Sobiq Prezident Akayev Japarov va Putinga minnatdorlik bildirdi 

Qirg‘izistonning Birinchi Prezidenti Asqar Akayev Vatanida endi unga qarshi da’volar yo‘qligini va unga qarshi barcha ishlar yopilganini ma’lum qildi. Bu haqda u Rossiyaning “Moskovskiy Komsomolets” nashriga bergan intervyusida gapirgan.

“Endi men ham Qirg‘izistonning boshqa fuqarolari kabi istalgan vaqtda u yerga borishim mumkin”, degan Akayev.

Sobiq Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u “Qumtor” ishida guvoh va ayblanuvchi sifatida ishtirok etgan.

“Bishkekda menga berilgan savollarning aksariyati aynan shu ish bilan bog‘liq edi. Axir, men bu korxona haqida ko‘proq bilaman, aynan men 1990-yillar boshida investor topganman”, degan Akayev. 

Har yilgidan o‘zgacha: Yelizaveta II Rojdestvo bayramini qayerda o‘tkazishi aytildi

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Rojdestvo bayramini Vindzor qasrida o‘tkazadi. Bu haqda “Sky News” Bukingem saroyiga tayanib xabar bergan.  

“Qirolicha Rojdestvo bayramini an’anaviy tarzda bayram nishonlanadigan Sandringem saroyida emas, Vindzor qasrida o‘tkazadi”, deyiladi telekanal xabarida. 

Ta’kidlanishicha, dam olish kunlarida qirollik oilasi a’zolari ham Vindzorga keladi, saroyda zarur xavfsizlik choralari ko‘riladi.

Sport

Xavi “Sevilya”ga qarshi o‘yin haqida gapirdi

“Barselona” bosh murabbiyi Xavi Ispaniya chempionatidan o‘rin olgan “Sevilya”ga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi.

“Bizda katta o‘sish bor, ammo bu o‘yinda g‘alaba qozonish juda qiyin bo‘ladi. Biz ajoyib tashkilotchilikka ega ajoyib jamoaga qarshi o‘ynaymiz. Bo‘lajak uchrashuvning murakkab ekanini anglashimiz kerak”. “Sevilya”dan o‘rnak olishimiz kerak – ular nafaqat maydonda, balki kiyinish xonasida ham juda kuchli. Monchi (sport direktori) esa o‘z sohasining yetakchi mutaxassislaridan biri”, deydi Xavi.

 “Bavariya” yarim himoyachisi “Real”ga o‘tishi mumkin

“Bavariya” yarim himoyachisi Korenten Tolisso “Real Madrid”ga o‘tishi mumkin. Bu haqda “Marca” nashri xabar bermoqda.

Futbolchining myunxenliklar safidagi holati yning Madridga yoki Angliya Premer liga klubiga o‘tishini tobora oydinlashtirmoqda. Tolissoning “Bavariya” bilan shartnomasi joriy mavsum oxirigacha amalda bo‘ladi. U shartnomani uzaytirishni istamasligini allaqachon ma’lum qilgan.

Futbolchining xizmatlariga “Qirollik klubidan”  tashqari PSJ, “Atletiko”, “Tottenxem” va “Yuventus” ham qiziqish bildirgan.

UFC chempioni promoushendagi so‘nggi jangini o‘tkazadi

UFC og‘ir vazn toifasi chempioni Fransis Ngannu (16-3) UFC 270 turniri doirasida fransiyalik Siril Ganga (10-0) qarshi oktagonga ko‘tariladi. Tashkilot prezidenti Dana Uaytning ma’lum qilishicha, promoushen bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra bu 35 yoshli kamerunlik Ngannu uchun oxirgi jang hisoblanadi.

“Og‘ir vazn toifasidagi chempionimiz shartnomasi uchun kurashadi. Ba’zida shunga o‘xshash narsalar sodir bo‘lib turadi. Odamlar bilan kelishib olish har doim ham mumkin emas. Jangchi bo‘lsangiz ham atrofdagilarni e’tibor bilan tanlashingiz kerak. Menimcha, Fransisda eng yaxshi menejerlar bo‘lmagan. Agar biz bilan bo‘lishni istasa, uni olib qolishdan xursand bo‘lamiz. Agar aksincha bo‘lsa, muammo yo‘q”, deydi Uayt.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

35

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing