Toshkentda bo‘lg‘usi Senat binosi qarshisidagi uyni bo‘yayotgan usta 4-qavatdan yiqilib tushdi
3-sahifa
−
05 iyun 2021
12282Ma’lumki, Toshkentning Mirobod tumani, Sharof Rashidov ko‘chasi, sobiq Tashqi ishlar vazirligi binosi o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yangi binosi qurilmoqda. Shu munosabat bilan uning atrofidagi ko‘p qavatli uylar fasadini bo‘yash ham rejalashtirilgan.
Bugun, 4 iyun kuni Mirobod tumanidagi Chimkent ko‘chasida Senat binosi qurilishi doirasida fasadini bo‘yash ishlari boshlangan ko‘p qavatli uylarlardan birida baxtsiz hodisa yuz berdi. QALAMPIR.UZ manbasining ma’lum qilishicha, soat 15:20 larda ko‘p qavatli uy fasadini bo‘yash vaqtida ishchilardan biri binoning to‘rtinchi qavatidan pastga yiqildi.
Manba bergan ma’lumotga ko‘ra, QALAMPIR.UZ jamoasi voqea joyiga yetib bordi. Ma’lum bo‘lishicha, balandlikdan yiqilgan shaxs 1987 yilda tug‘ilgan A.T. og‘ir ahvolda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (16-shahar shifoxonasi) ga olib ketilgan. Shifoxonada unga bosh miyaning ochiq jarohatlanishi, katatramma tashxisi qo‘yilgan va amaliyotga olingan. Hodisa guvohlarining muxbirimizga ma’lum qilishicha, tez tibbiy yordam xodimlari voqea joyiga 35 daqiqa deganda yetib kelgan.
“Biz uyda o‘tirgan edik. Orqa tarafdagi eshigimiz ochiq edi. Biz choy ichib bo‘lganimizdan keyin, oyim tashqariga chiqdi. Birozdan so‘ng baland ovoz eshitildi. Oyim shoshib uyga kirdi-da, “Mohinur, 103 ga telefon qil”, dedi. Keyin men 103 ga telefon qildim, ammo nima bo‘lganini tushunmadim. Oyim nima deyishni aytib turdi, meni tez yordamga aytdim. Ular umuman bizni gapimizga tushunmadi. Biz ularga “usta yiqildi”, deb aytyapmiz. Ammo ular “kim, qo‘shningizmi”, deydi. “Bo‘yashga kelgan usta tushib ketdi”, deb qayta-qayta aytyapmiz, ammo ular bitta savolni beraverdi “taniysizmi-yo‘qmi”, deb. Tez tibbiy yordam chaqirdik va ularni kutdik. Hamma chiqdi, qo‘shnilar, ustalar yig‘ildi. Ustani tili orqaga tortishni boshladi. Qoshiq bilan tilini ushlab turdik. Keyin biz “tez yordam”ga telefon qilgan vaqtimizga qarasak 15:26 ekan. Qayta yana qilib tezroq kelishlarini aytsak, “chiqib ketishgan” deydi, ammo kelmayapti. Ustaning ahvoli esa og‘irlasha boshladi. Soat 16:00 da “tez yordam” yetib keldi. Oradan 36 minut vaqt o‘tdi. Ustani boshidan ko‘p qon ketdi. “Tez yordam” yetib kelganidan keyin ukol qildi va mashinaga ortib olib ketishdi”, deydi guvohlardan biri.
A.T. Senat binosi qurilishi doirasida bo‘yalayotgan ko‘p qavatli uyda ishlayotganda yiqilib tushgani haqidagi ma’lumotga aniqlik kiritish uchun Senat Matbuot xizmati rahbari bilan bog‘landik. U ko‘p qavatli uylarning bo‘yalishiga parlament yuqori palatasining aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.
Baxtsiz hodisa yuzasidan boshqa ishchilar va shu atrofda yashovchi fuqarolardan ma’lumot olishga harakat qilganimizda, ular biz bilan muloqot qilishni istashmadi.
Keyin ishchilarni uy bo‘yash uchun kim yollaganiga oydinlik kiritish uchun Mirobod tumani hokimligi Matbuot xizmatiga murojaat qildik. Ammo ulardan aniq ma’lumot olishning imkoni bo‘lmagach, tuman hokimining o‘rinbosari Farhod Najmiddinovga qo‘ng‘iroq qildik. Afsuski, u ham tumanida bo‘layotgan ishlardan bexabarligini, ammo voqeani o‘rganib, aniqlab ma’lumot berishi mumkinligini aytish bilan cheklandi.
Ishchilarga boshchilik qilgan shaxs biz bilan muloqot qilishdan bosh tortgani uchun ularni bu yerga kim olib kelgani haqida ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15