Sattoriy ishi ortida kim turgan bo‘lsa, butun mamlakat imijiga dog‘ tushiradigan ish qilyapti – Tashanov
Intervyu
−
12 may 2021
26315Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, qamalishi o‘zbek jamoatchiligi tomonidan qizg‘in muhokama qilinib, turli fikrlar bildirildi. Sattoriyning qamalishi ortidan O‘zbekistonda so‘z erkinligi yo‘q ekan, gapirish mumkin emas, deguvchilar ham topildi.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova bilan suhbatda kun tartibiga ko‘tarilgan "Sattoriy ishi", bu jinoiy ishning O‘zbekiston imijiga ta’siri haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.
Abdurahmon Tashanov dastlab mamlakatdagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq umumiy holatga to‘xtalib, bu borada sezilarli ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini qayd etdi.
“So‘z erkinligi to‘la ta’minlandi deb aytmayman. AQSHning Freedom House tashkilotining ma’lum qilishicha, oxirgi 10 yillikka qaraganda O‘zbekistonda juda yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etilmoqda, demak umid bor.
Lekin bir bloger sal beboshlik qilib etikaga amal qilmay gapirib qo‘ygani uchun unga nisbatan 10-11 yil qamoqda o‘tirasan deb yuborish, so‘z erkinligini shubha ostida qoldiradigan jarayonlardan biri. Bu bloger Otabek Sattoriy ishida ham namoyon bo‘lyapti”, dedi inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov.
Shundan so‘ng, mutaxassis Sattoriyga 11 yil berilishi, umuman OAVga va boshqa jurnalistlarga bosim bo‘lishi mumkinligi haqida mulohazalarini bildirib, so‘z erkinligi ne’matmi, degan savolga ham javob qaytardi.
“Albatta, ne’mat. Ijtimoiy tarmoqlarda “Tirraqi buzoq podani buzadi” degan bitta post yozdim . Xuddi shu kabi, Sattoriy ishi ortida kim turgan bo‘lsa, butun mamlakatni imijiga dog‘ tushiradigan ish qilyapti. Prezident BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy kengashida, biz endi qiynoqlarni tugatamiz, deb va’da berib turganda bitta “tirraqi buzoq” kelib birovni boshiga bitta urib, o‘ldirib qo‘ydi. Endi-chi, endi xalq ishonmaydi. Xalqaro jamiyatni oldidagi obro‘yimiz ketadi. Prezident so‘z erkinligi beryapmiz, haqiqatni aytgan jurnalistlar ortida men turibman deyotgan vaqtda, ikkinchi “tirraqi buzoq” chiqib bir jurnalist uchun 11 yil so‘rab yubordi. Katta-katta jinoyat qilganlar, milliard-milliard pullarni o‘g‘irlaganlar qutilib qolyapti-da, gapirgani uchun jurnalist 11 yil olyapti. Bu ketishda odamlar adolatga ishonmay qoladi”, deydi Abdurahmon Tashanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Otabek Sattoriyni himoya qilgan advokat, uning qo‘l ostida faoliyat yuritadi. Mazkur ishni ko‘rish jarayonida advokatga tahdid ham qilingan.
“Advokat Umid Davlatovga Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlarining ko‘z o‘ngida tahdid qilishgan. U professional advokat, ortiqcha gap so‘zlarga e’tibor bermaydi. Advokatga odamlar ko‘z oldida tahdid qilishsa, sudga ishi tushib kelgan oddiy fuqaroni urib, o‘ldirarkanda bular?”, deydi Tashanov bo‘lgan ishlarga munosabatini bildirib.
Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida Otabek Sattoriyga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Sud hukmi bilan bloger 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Avvalroq, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) surxondaryolik blogerning qamalishi bo‘yicha munosabat bildirib, bu O‘zbekistonda Prezident saylovi arafasida matbuotni qo‘rqitish ekanini ta’kidlagandi.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videopleyerda va YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
*Abduramhmon Tashanov bilan suhbat Otabek Sattoriyga hukm o‘qilishidan 2 kun avval bo‘lib o‘tgandi.
LiveBarchasi