Ixtiyor Abdullayev va Rashid Qodirov qamoqxonaning VIP kamerasida saqlanyaptimi?
Intervyu
−
11 may 2021
25974Odatda sobiq amaldorlar yoki puldorlar qaysidir qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortilib, qamalgudek bo‘lsa, ular qamoqxonaning VIP mahbusi sifatida saqlanayotgani, yegani oldida, yemagani ketidaligi, hatto, to‘y-ma’rakalarda qatnashish uchun uyiga kelib-ketayotgani haqida gap-so‘zlarni eshitamiz. Bunday gaplar sobiq MXX raisining o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov, sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov, sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev, sobiq MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jayev qamalgandan keyin ham quloqqa chalindi. Xo‘sh, vaziyat aslida qanday? Ularning qamoqdagi hayoti boshqa mahbuslarnikidan farq qiladimi? Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga yuzlandi.
Uning qayd etishicha, ayni vaqtda Qodirov, Abdullayev va Sharifxo‘jayev xalq tilida “mentovskiy” deb nomlanuvchi 22-son jazoni ijro etish muassasida saqlanmoqda. Ushbu JIEMda huquqni muhofaza qilish idoralarida faoliyat yuritib, jinoyatga qo‘l urganlar jazolarini o‘taydi.
“Qamoqxonada 1700 ta joy bor. Jinoyatchi ko‘payib ketsa, 1700 kishini o‘sha yerga sig‘dirish mumkin. Hozirda bu yerda 273 kishi jazo muddatini o‘tamoqda. Bu koloniyada 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy sudi tomonidan 16 yillik jazoga hukm qilingan sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev, 3-darajali davlat adliya maslahatchisi, mamlakatimizga uch muddat Bosh mrokurorlik qilgan Rashidjon Qodirov, uning o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov, shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurash bosh boshqarmasining boshlig‘i bo‘lgan Ulug‘bek Xurramov kabi yuqori darajadagi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari saqlanmoqda.
Ko‘pchilik bu koloniyada huquqni muhofaza qilish idoralarining sobiq xodimlari saqlangandan keyin u yerdagi sharoitlar VIP, bir tarafdan muzqaymoqlar kelib turgan, yana bir tarafda Coca-Cola’lar oqib yotgan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaydi. Chunki iqtisodiy tomonidan ham u yerda o‘tirganlarning ahvoli yomon emas. Har holda qo‘llanilayotgan jarimalar [kam emas]. Bosh prokurorning uyi boshlang‘ich narxi 10 milliard bilan auksionga qo‘yilishi, ularning darajasini ko‘rsatadi.
Bir narsaning mas’uliyatini ommaning oldida bo‘ynimga olib aytishim mumkinki, u yerdagi sharoitning boshqa qamoqxonalardagi sharoitdan farqi yo‘q. Bir xil tizim, bir xil joy. Masalan biz matbuotda sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirovning izolyatsiyaga olingani, hatto, uning kamerasidan pashsha ham uchib o‘tmayotgani haqida o‘qigandik. Yo‘q, bunday emas. Yoki qamoqxonaning VIP kamerasida o‘tirgani haqidagi gaplar ham haqiqatdan yiroq. Agar qamoqxona ma’muriyatidagilar menga shu odam Qodirov deb tanishtirmaganida, men u kishini niqob va “kepka”da tanimasligim ham mumkin edi. Ya’ni u ham hamma bilan bir xil sharoitda tikuv sexida ishlayapti. Jumladan boshqa jinoiy sheriklari ham o‘sha yerda ishlayapti”, deydi inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov.
Ma’lumot o‘rnida, Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev Jinoyat kodeksining 242- (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 301-moddalari (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) boshchiligida bir guruh huquq faollari 22-sondi JIEMda bo‘lib, u yerdagi sharoit bilan tanishishgan. Komissiya bo‘lgan Tashanov o‘zining ijtioiy tarmoqlardagi sahifasida JIEMda ko‘rgan-kechirganlarini, xususan Rashid Qodirov ayollar lozim sexida, Ixtiyor Abdullayev esa chinni sexida ishlayotganini yozib qoldirgandi.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videopleyerda va YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi