Minsk guruhi Qorabog‘ mojarosini hal qilishda hech qanday rol o‘ynamadi – Aliyev

Olam

image
Qoyilmaqom uchlik: Minsk guruhining Qorabog‘dagi vazifasi nima edi? north_east

Qoyilmaqom uchlik: Minsk guruhining Qorabog‘dagi vazifasi nima edi?

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi garchi vakolat va imkoniyatlari bo‘lsa ham qariyb 30 yilga yaqin vaqt davomida Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilishda hech qanday rol o‘ynamadi. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yilning 12 dekabr kuni YeXHT Minsk guruhining fransuz va amerikalik hamraislari Stefan Viskonti va Endryu Shoferni qabul qilish chog‘ida so‘z ochdi. 

"Afsuski, Minsk guruhi 28 yil davomida vakolatga ega bo‘lishiga qaramay, mojaroni hal qilishda hech qanday rol o‘ynamadi. Men 17 yil davomida muzokaralarda qatnashdim. Biroq, urush paytida aytganimdek, garchi Minsk guruhi g‘oyalarni targ‘ib qilish va ijodkorlikni namoyon etish yo‘nalishida bir muncha faollik qilgan bo‘lsa ham, bu hech qanday natija bermadi. Bu haqiqat", deydi Aliyev. 

Ozarbayjon rahbari ziddiyatni hal qilish mintaqadagi vaziyatni butunlay o‘zgartirib yuborganini ta’kidladi.

Mamlakat rasmiy axborot agentliklariga ko‘ra, Baku YeXHT Minsk guruhi hamraislarini taklif qilmagan, aksincha, tashrif buyurish taklifini ular bildirgan.  

"Bu yerga kelish sizning fikringiz edi. Men buni kameralar oldida ayta olaman. Men Minsk guruhini Ozarbayjonga taklif qilmadim. Menga Minsk guruhi kelishni istayotgani haqida xabar berishganida, men ularga, kelishsin, qarshi emasman, deb aytdim”, deydi Aliyev. 

Ma’lumot o‘rnida, Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish bo‘yicha muzokaralar 1992 yildan beri Rossiya, AQSH va Fransiya hamraisligidagi YeXHTning Minsk guruhi doirasida olib borilmoqda. 

Joriy yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘da qurolli to‘qnashuv boshlangach, ko‘plab xalqaro tashkilotlar va dunyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston ham ikki mamlakatni murosaga chaqirib, masalani Minsk guruhi doirasida hal etish kerakligini aytib chiqqandi. Birgina Turkiya Ozarbayjonning harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, bosib olingan yerlarni faqat urush va kuch ishlatish yo‘li bilan tortib olish kerakligini ochiqladi. Prezident Erdo‘g‘an Minsk guruhi 30 yil davomida bu muammoni hal qilmagani, hal qilish istamaganini da’vo qildi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Minsk guruhi

Baholaganlar

43

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing