Qoyilmaqom uchlik: Minsk guruhining Qorabog‘dagi vazifasi nima edi?

Tahlil

10

Tog‘li Qorabog‘ muammosi siyosat maydonida paydo bo‘lganidan beri oradan o‘ttiz yilga yaqin vaqt o‘tdi. Muzokaralar, uchrashuvlar, bahs-munozaralar hanuz davom etmoqda. Ushbu mojaro shu yilning sentyabr oyi oxirida yana alanga olganda ko‘plab davlatlar tashqi idoralari va Prezidentlar masala Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi doirasida hal etilishi kerakligini aytib, Ozarbayjon va Armanistonni muzokaralar stoliga chaqirdi. Biroq, Ozarbayjon bunga ko‘nmadi va Minsk guruhining adolatiga ishonmasligini ma’lum qildi. 

Kuni kecha Fransiya Respublikasi Senati mamlakat Hukumatiga Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani yuborgach, Ozarbayjon tarafi ham tezkor choralar ko‘rdi. Mamlakat Milliy Majlisi Hukumatga Fransiyani Minsk guruhi hamraisligidan chiqarib yuborish taklifini kiritish bo‘yicha hujjat yubordi. 

Xo‘sh, YeXHTning Minsk guruhi o‘zi qanday tashkilot? Ularning faoliyati nimadan iborat? Nima uchun butun dunyoga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaroni hal etish bu guruhga yuklangan? Umuman, guruh o‘tgan yillarda Janubiy Kavkazda tinchlik o‘rnatish uchun qanday sa’y-harakatlarni amalga oshirdi? Bular haqida quyida gaplashamiz.

Minsk guruhi – Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlashga rahbarlik qilayotgan YeXHTga a’zo davlatlar guruhi. Minsk guruhiga Rossiya, AQSH va Fransiya hamraislik qilmoqda. Ulardan tashqari Minsk guruhiga Belarus, Germaniya, Italiya, Turkiya, Finlyandiya, Shvetsiya hamda Ozarbayjon va Armaniston kiradi.

Qorabog‘ mojarosi

Uzoq tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan ozarlar va armanlar o‘rtasidagi jamoalararo mojaro Sovet Armanistonini qayta qurish yillarida (1987–1988), Armaniston va Ozarbayjonda milliy harakatlarning keskin ko‘tarilishi fonida yanada keskin tus oldi. 1988 yil oxiriga kelib, har ikkala respublika aholisining aksariyati ushbu mojaroda qatnashgan va bu aslida Tog‘li Qorabog‘ning mahalliy muammosidan ustun bo‘lgan ochiq millatlararo qarama-qarshilikka aylanib ketgan.

Gorbachyov boshlagan qayta qurish siyosati natijasida respublikalarda mustaqillik g‘oyalari paydo bo‘la boshladi. Shunday sharoitda, 1988 yil 20 fevral kuni Qorabog‘ muxtor viloyati rahbarlari viloyatni Armanistonga qo‘shilishini yoqlab ovoz berdi. Ularning noroziligining sababi hudud maktablarida arman tilidagi kitoblarning, telekanallarning yo‘qligi edi. Shuningdek, ular o‘sha paytdagi Ozarbayjon rahbariyatini hududni ozarbayjonlashtirish siyosatini olib borishda aybladi.

1991 yil 30 avgustda Ozarbayjon mustaqilligini e’lon qildi. 1991 yil 31 dekabrda SSSR tarqalgani e’lon qilindi. Bu esa Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi muqarrar urush yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashladi. Bir oy oldin, 21 noyabr kuni Ozarbayjon parlamenti Qorabog‘ning muxtor maqomini bekor qildi va poytaxt nomini Xonkendiga o‘zgartirdi. Bunga javoban 10 dekabr kuni Qorabog‘da referendum o‘tkazildi, 1992 yil 6 yanvar kuni esa mintaqa mustaqilligini e’lon qildi. Ammo bu respublikani shu paytgacha hali hech kim tan olmadi. Hatto, Armaniston xalqaro hamjamiyat bosimidan qo‘rqib bunga jazm qilmadi.

Minsk guruhining paydo bo‘lishi

SSSR qulashi bilan mustaqillikni qo‘lga kiritgan Armaniston va Ozarbayjon 1992 yil 30 yanvarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha kengash (1995 yil 1 yanvardan boshlab – Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti yoki YeXHT) ishiga qo‘shildi. Bu esa ushbu xalqaro tashkilotning Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroni hal qilishning tinch yo‘llarini izlash bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratdi.

1992 yil 30-31 yanvar kunlari YeXH tashqi ishlar vazirlari kengashi Parij yig‘ilishida o‘z ma’ruzachilarini Qorabog‘ mojaro zonasiga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu missiya tugaganidan so‘ng, 28 fevral kuni YeXH navbatdan tashqari yig‘ilishda mojaro ishtirokchilaridan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni va barcha ishtirokchilardan ziddiyatli tomonlarga qurol etkazib berishga taqiq qo‘yilishini talab qilib, profilaktika markaziga ko‘rsatma berdi.

1992 yil 24 martda YeXH kengashining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi (tashqi ishlar vazirlaridan iborat), unda Qorabog‘ni tartibga solish jarayonida YeXH harakatlarini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi. YeXH kengashining amaldagi raisi – Chexoslovakiya Tashqi ishlar vaziri Jiri Diyenstbiruga samarali sulh tuzish va tinchlik shartnomasini ishlab chiqish formatini shakllantirish uchun mintaqaga tashrif buyurish topshirildi. Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha konferensiyani iloji boricha tezroq chaqirishga qaror qilindi.

Kengash qarori bilan uning ishida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Germaniya, Italiya, Rossiya, AQSH, Turkiya, Fransiya, Chexiya va Slovakiya Federativ Respublikasi hamda Shvetsiya vakillari ishtirok etishlari, shuningdek, manfaatdor tomonlar sifatida Tog‘li Qorabog‘ning saylangan vakillari qatnashishi belgilab qo‘yildi. Konferensiyani 1992 yil 21 iyunda Minskda chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, MDH tashkil topganidan so‘ng Minsk uning norasmiy poytaxti deb e’lon qilindi.

Biroq, bir qator holatlar (Xalq fronti tarafdorlari tomonidan Ozarbayjonda vaziyatning beqarorlashishi, Shushaning Tog‘li Qorabog‘ qurolli kuchlari nazorati ostiga olinishi, shuningdek, Ozarbayjon armiyasining 1992 yil iyun-iyul oylarida urushda g‘alaba qozonish umidini kuchaytirgan muvaffaqiyatli hujumi) kengashning buzilishiga olib keldi.  Tinchlik o‘rnatish maqsadida vaqtinchalik anjumanlar boshlandi. Minsk guruhining birinchi yig‘ilishi 1992 yil 1 iyunda Rimda bo‘lib o‘tdi. U yerda mavjud bo‘lgan tafovutlarni bartaraf etishga va kelajakdagi dunyo uchun kerakli shartlarni belgilashga harakat qilindi. 1992 yil yozida Rimda shunga o‘xshash beshta uchrashuv tashkil etildi . Ammo bu uchrashuvlarda aytarli natijalarga erishilmadi.

“Madrid prinsiplari”

1992 yildan 2005 yilgacha bo‘lgan davrda YeXHT Minsk guruhi ziddiyatli tomonlarga muzokaralar uchun asos sifatida uch xil takliflarni taqdim etdi, ammo bu o‘zaro maqbul kelishuvga olib kelmadi. Lekin vaziyatni ko‘p yillar davomida muzlatib qo‘yishga imkon berdi.

Faqat 1997 yilda ziddiyatli tomonlarga kelishuvning ikkita varianti taklif qilindi – paket va bosqichma-bosqich. Ulardan birinchisini Ozarbayjon rad etdi, ikkinchisini tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘. Bundan tashqari, Armanistonning ushbu kelishuv variantiga rozi bo‘lishi mamlakatda hokimiyat o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Mediatorlar kelishuv bo‘yicha yangi taklifni yuborishga shoshildilar va bu Ozarbayjon tomonidan rad etilgach, muzokaralar jarayoni boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Shu vaqt ichida YeXHTning Minsk guruhi faqat bitta funksiyani bajarishga muvaffaq bo‘ldi, ya’ni inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralar uchun doimiy forum yaratdi.

Tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishishga yana bir urinish 2001 yilda Ki-Uestda (AQSH) bo‘lib o‘tgan uchrashuv edi. Armaniston Prezidenti Robert Kocharian va Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyev muhokama qilgan takliflar to‘plami hech qachon ommaga oshkor qilinmagan. Ki-Uestdan keyin muzokaralarda uzoq tanaffus bo‘ldi. Prezidentlik saylovlari 2003 yilda Armanistonda ham, Ozarbayjonda ham o‘tkazilishi kerak edi. Saylovlardan so‘ng Minsk guruhi yana o‘z harakatlarini kuchaytirdi.

2005 yildan boshlab, kelishuvning asosiy tamoyillari to‘g‘risida oldindan kelishib olinishi kerak bo‘lgan to‘rtinchi “aralash” rejasi muhokamaga chiqarildi. Keyinchalik “Madrid” deb nomlangan nizolarni hal qilish tamoyillarining dastlabki versiyasi 2007 yil noyabr oyida Madridda ziddiyatli tomonlar ishtirokida o‘tkazildi.

2008 yil 14 martda BMT Bosh Assambleyasi 39 ta ma’qullovchi, 7 ta qarshi va 100 ta betaraf qolish ovozi bilan barcha arman kuchlarini Ozarbayjon Respublikasining bosib olingan hududlaridan zudlik bilan, to‘liq va so‘zsiz olib chiqib ketishni talab qiladigan rezolyutsiya qabul qildi. Minsk guruhining hamraisi bo‘lgan mamlakatlar (AQSH, Rossiya, Fransiya) ushbu qarorning qabul qilinishiga qarshi chiqdi. Chunki ularning fikriga ko‘ra, bu bir tomonlama qaror edi. Shunday bo‘lsa-da, ishtirokchilar ushbu hujjatga ovoz berganlariga qaramay, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidladilar.

2009 yil 10 iyulda YeXHT Minsk guruhi raislari Italiyaning Akvila shahrida qilgan bayonotida “Madrid prinsiplari”ning yangilangan versiyasining asosiy qoidalari e’lon qilindi.

AQSH, Fransiya va Rossiya 2007 yil noyabr oyida Madridda Armaniston va Ozarbayjonga kelishuv asosiy tamoyillarining dastlabki versiyasini taqdim etdi. Asosiy tamoyillar Xelsinki yakuniy aktining kuch ishlatmaslik, hududiy yaxlitlik, tenglik va o‘z taqdirini o‘zi belgilash to‘g‘risidagi prinsiplariga asoslangan oqilona murosani aks ettiradi. Ushbu prinsiplarga, jumladan, quyidagilar kiradi:

•  Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi hududlarni Ozarbayjon nazorati ostiga qaytarish;

•  Tog‘li Qorabog‘ga uning xavfsizligi va o‘zini o‘zi boshqarish kafolati bo‘lgan vaqtinchalik maqom berish;

•  Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ o‘rtasida koridor ochilishi;

•  Kelgusida Tog‘li Qorabog‘ning qonuniy majburiy irodasi asosida yakuniy huquqiy maqomini belgilash;

•  Barcha ko‘chirilganlar va qochqinlarning avvalgi yashash joylariga qaytish huquqini ta’minlash;

•  Xalqaro xavfsizlik kafolatlari, shu jumladan tinchlikni saqlash operatsiyasi.


Minsk guruhi hamraislari 2009 yil dekabr – 2010 yil yanvar oylarida “Madrid prinsiplari” matnini Ozarbayjon va Armaniston Prezidentlariga topshirganidan so‘ng, ularni o‘rganish va baholash bo‘yicha bir necha oylik jarayon boshlandi. Har bir tomon taklif qilingan qadamlarning faqat bir qismidan mamnunligini ma’lum qildi.

2016 yilgi ziddiyatga Minsk guruhining aralashuvi

2016 yil aprel oyi boshida Tog‘li Qorabog‘dagi aloqa liniyasida Ozarbayjon va Armaniston kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Oqibatda har ikki tomon ko‘p sonli talafotlarga uchradi. Mojaroga Rossiyaning faol harbiy-diplomatik aralashuvi tufayli barham berildi. Shu bilan birga, Minsk guruhining davom etayotgan roli to‘g‘risida bir nechta ommaviy bayonotlar qilindi.

Keyinchalik mojaro zonasiga tashrif buyurgan Minsk guruhi hamraislari Tog‘li Qorabog‘dagi nizolarni hal qilishning asosiy tamoyillari kuch ishlatmaslik, odamlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi va hududiy yaxlitlik ekanligini aytdilar.

Yangi to‘qnashuv

Ozarbayjon-Armaniston chegarasidagi to‘qnashuvlar 2020 yil 12 iyuldan qaytadan keskinlashishni boshladi. Shundan so‘ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston Qurolli Kuchlarining Qorabog‘ ixtilofi tutashuv chizig‘ida to‘planayotganini ta’kidlab o‘tdi va buni Yerevanning urushga tayyorlanishi, deb atadi. 27 sentyabrda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida jangovar harakatlar boshlanib ketdi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashishi munosabati bilan mamlakatda qisman safarbarlik boshlanishi haqida e’lon qildi. Shuningdek, Armaniston ham harbiy safarbarlik e’lon qilgan. Deyarli bir oy davomida tomonlar o‘rtasida jiddiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Turkiya va Afg‘oniston ushbu urushda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Minsk guruhi vakillari – AQSH, Rossiya va Fransiya Prezidentlari – Donald Tramp, Vladimir Putin va Emmanuel Makron 2020 yilning 1 oktyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuv bo‘yicha qo‘shma bayonot bilan chiqdi. 

Prezidentlar Tog‘li Qorabog‘ mojarosidagi qarama-qarshilik liniyasida kuch ishlatishning kengashini qat’iy qoralagan. Davlat rahbari Armaniston va Ozarbayjon rahbarlarini zudlik bilan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha muzokaralarni hech qanday shartlarsiz qayta boshlashga chaqirdi. 

9 noyabr kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi bayonotn imzolaganini xabar qildi. Kelishuv asosida hududga rossiyalik tinchlikparvar kuchlar olib kirilishi belgilab qo‘yildi. Armaniston esa 20 noyabrga qadar Ag‘dam, Kelbajar va Lochin tumanlarini Ozarboyjonga qaytarishi belgilandi.  

So‘nggi kelishuv

10 noyabr kuni tongda uch tomonlama kelishuv matni Kreml rasmiy saytida e’lon qilindi.

Undagi asosiy bandlar quyidagilar:

•  Armaniston va Ozarbayjon Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatadi, harbiylar o‘zlari egallagan pozitsiyalarida qolishadi;

•  o‘t ochishni to‘xtatishga amal qilishni maxsus tinchlikparvar markaz nazorat qiladi;

•  tomonlar garovdagilarni, asirlarni va qurbon bo‘lganlarning jasadlarini almashishadi;

•  Rossiyalik tinchlikparvar kuchlari keyinroq tomonlarning roziligi bilan muddatni yana uzaytirish sharti bilan 5 yilga Qorabog‘ga kiritiladi, bu harbiylar tutashuv chiziqlarini va qoldirilgan yo‘laklarni qo‘riqlashadi;

•  Shusha shahri Ozarbayjon nazorati ostida qoldiriladi;

•  Armaniston Ozarbayjonga yana uch tuman – Ag‘dam, Kelbajar va Lochin tumanlarini topshiradi;

•  tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi poytaxti Stepanakert (Xonkendi), Mardakert (Agdera), Martuni (Xo‘javend) va Tog‘li Qorabog‘ning ozarbayjonliklar armiyasi kirib kelmagan boshqa hududlari arman kuchlari nazoratida qoldiriladi;

•  Lochin tumanida Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘lash uchun eni 5 kilometr bo‘lgan yo‘lak qoldiriladi, bu hududlar rossiyalik tinchlikparvar kuchlari tomonidan nazorat qilinadi;

•  Armaniston ham Ozarbayjonning g‘arbiy hududlari va Naxichevan muxtor respublikasini o‘zaro bog‘lash uchun yo‘lak qoldiradi, bu hudud ham rossiyalik harbiylar tomonidan qo‘riqlanadi;

•  Tog‘li Qorabog‘ga va atrofdagi tumanlarga qochqinlar qaytarilishi va aholining qayta joylashtirilishi BMTning tegishli komissiyasi tomonidan nazorat qilinadi;

•  kelishuv matniga ko‘ra, mintaqada tinchlikka amal qilinishini ta’minlashni rossiyalik harbiylar o‘z zimmasiga oladi, jami 1960 nafar harbiy, 90 ta bronetransportyor, 380 ta avtomobil va maxsus texnikalar joylashtiriladi.

Tinchlik sulhi e’lon qilinganidan keyin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘ga turk tinchlikparvarlari ham joylashtirilishi haqida gapirdi, ammo rasmiy kelishuv matnida bu haqda aytilmagan.

Turkiya ta’siri

Urush yakuni Turkiyaning Janubiy Kavkazdagi pozitsiyasini mustahkamladi va uning Ozarbayjonga ta’sirini kengaytirdi. Turkiya bu urushdan olgan foydalardan biri – Ozarbayjon bilan quruqlikda Armaniston va Naxichevan orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri transport aloqasi o‘rnatilayotganidir.

Turkiya bu ziddiyatlarda mojaroni hal qiluvchi rolini bajarmadi. Moskva o‘z harbiylarini Qorabog‘ga kiritdi, Anqara esa faqatgina Ozarbayjondagi monitoring markaziga bir necha zobitlarini yuborishi mumkin, xolos. Turkiyaning Janubiy Kavkazda muhim o‘yinchi bo‘lish uchun urinishi Rossiyaning ta’sir doiralariga xavf soladi.

Tog‘li Qorabog‘dagi so‘nggi urushda Turkiya amalda Ozarbayjon tomonida ishtirok etdi. G‘arb va Rossiya OAVlari Turkiya Prezidenti Rajab Erdo‘g‘anning shaxsi va uning Turkiyani turk dunyosining yetakchisiga aylantirish rejalariga juda katta e’tibor berishdi, Buni Ozarbayjon bilan ittifoqsiz amalga oshirib bo‘lmasdi. Shu sababli, G‘arb va Rossiya OAVlari asosan, Turkiya Prezidenti, uning Adolat va taraqqiyot partiyasidagi partiyadoshlari va parlament koalitsiyasidagi hamkasblarining Qorabog‘ mojarosini harbiy yo‘l bilan hal qilishda bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan shafqatsiz bayonotlariga e’tibor berishdi. Natijada, ba’zi tahlilchilar Turkiyada hokimiyat o‘zgarganda Anqara va Baku o‘rtasidagi ittifoq zaiflashadi, hatto butunlay qulaydi, degan taxminlarni bildirishdi. Lekin Turkiya muxolifati bu fikrlarni rad etdi.

Mamlakatning muxolif Jumhuriyat Xalq partiyasining yetakchisi Kamol Qilichdaro‘g‘li nafaqat urush paytida Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatladi, balki Armanistonni ozarbayjonlarga qarshi jinoyatlarda aybladi. Shuningdek, Prezident Ilhom Aliyevga shaxsiy maktub yubordi. U maktubda Tog‘li Qorabog‘ni qaytarishning diplomatik va harbiy usullarini qo‘llab-quvvatlagan. 

Fransiya aralashuvi

Minsk guruhi a’zolaridan biri bo‘lgan Fransiya mojaroni hal qilishda asosiy rolni bajarmagan bo‘lsa-da, vaziyatni keskin o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan bayonotlar bilan chiqdi. Jumladan, Fransiya Respublikachilar partiyasining Senatdagi guruhi rahbar Byuno Retayo Senati Qorabog‘ mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Qabul qilingan hujjat Minsk guruhining hamraisi va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida Fransiyaning niyatlari va ob’ektiv faoliyati to‘g‘risida jiddiy savollar tug‘dirdi.

Shundan so‘ng, Ozarbayjon Fransiya parlamentining Senati ishlab chiqqan hamda mamlakat Hukumatiga Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olishni tavsiya qiluvchi rezolyutsiyani rasmiy hujjat deb hisoblamasligini e’lon qildi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ushbu rezolyutsiyaga munosabat bildirib, Fransiya Hukumatidan Tog‘li Qorabog‘ni tan olishni so‘ragan.

Ozarbayjon ushbu chaqiriqqa jiddiy va keskin e’tibor qaratdi. Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi mamlakat Hukumatiga Fransiyani Minsk guruhi hamraisligidan chiqarib yuborish bo‘yicha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga murojaat qilishni taklif etdi. Bayonotda, shuningdek, “Ozarbayjon va Fransiya o‘rtasidagi mavjud siyosiy munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida” va “ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni chuqur tahlil qilish va tegishli choralarni ko‘rish to‘g‘risida” takliflar mavjud edi. 

26 noyabr kuni o‘tgan parlament majlisidagi muhokamalar davomida Fransiya Senati tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada bir qator deputatlar Ozarbayjonning Parijdagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirib olish, Fransiya parlamentining yuqori palatasi bilan barcha aloqalarni uzish to‘g‘risida takliflar ham bildirishgan.

Shunday bo‘lishiga qaramasdan, Fransiya TIV Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini tan olmasligini ma’lum qildi. Fransiya TIV qo‘shimcha qilishicha, Fransiyaning YeXHT Minsk guruhi raisdoshi sifatidagi majburiyati Qorabog‘ nizosini, shu jumladan, Tog‘li Qorabog‘ning bo‘lg‘usi statusi haqidagi masala bo‘yicha muzokaralar yo‘li bilan tartibga solishdan iborat, bu muzokaralarning natijasini esa oldindan va bir tomonlama tartibda aniqlashtirib bo‘lmaydi.

Umidjon Nozimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing