Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonga xavf paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz – “Tolibon”

Intervyu

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 12 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Bu Afg‘onistonda tinchlik va osuda hayot uchun qo‘yilgan yana bir ulkan qadam, deyish mumkin. O‘zbekiston 40 yildan ziyod vaqt davomida Afg‘onistonda davom etayotgan urush, notinchlik va o‘zaro muammolarni afg‘on xalqining o‘zi o‘z irodasi bilan hal etishi tarafdori. 

O‘tgan yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shning tinch – sen tinch degan azaliy qadriyatga asoslangan islohotlari natijasida afg‘on muammosini hal etishda oldinga siljish kuzatildi. Buning samarasini joriy yilning 29 fevral kuni Qatarning Doha shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va "Tolibon" harakati o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanganida ham ko‘rish mumkin. Sulhga ko‘ra, AQSH 19 yil deganda o‘z harbiy kuchlarini afg‘on diyoridan olib chiqib ketishi, “Tolibon” ham qurolli harakatlarni to‘xtatishi belgilandi. 

12 sentyabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralar afg‘on xalqining va nihoyat tinch va farovon hayotga qovushishidan dalolat. “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Abdulg‘ani Birodar o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan suhbatlashib, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash borasida rasmiy Toshkentning faolligini alohida e’tirof etdi. 

“O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga ustuvor masala sifatida qarashini yaxshi bilamiz.  Shu yilning fevral oyida ham O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri bilan afg‘on muammosini ijobiy hal etish bo‘yicha fikr almashgandik. Tinchlik muzokaralari doirasida O‘zbekistonda ham tashrif bilan bo‘lganmiz va qator yuzma-yuz muloqotlarda qatnashganmiz. Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik hukm surishi uchun doimiy ravishda olib borayotgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz. Janob Mirziyoyevning tinchlikni ta’minlash borasidagi ko‘rsatmalari, yo‘nalishlari biz uchun qadrli. 

Chunki rasmiy Toshkent bu tashabbusi bilan nafaqat Afg‘oniston yoki O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo xalqlariga tinchlik va osuda hayotni ta’minlashni maqsad qilganini yaxshi bilamiz. Bugun O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonni qayta tiklash ishlarida ham faol. Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekiston tashabbusi bilan Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan Mozori Sharif – Kobul – Peshavor yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l, Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi kabi yirik loyihalar tahsinga loyiq. Bu xayrli ishlar Afg‘oniston uchun juda muhim va bu afg‘on iqtisodiyotini ko‘tarishga muhim turtki bo‘lishiga ishonamiz. 

Ushbu loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun O‘zbekistonlik ko‘plab mutaxassislar Afg‘onistonda faoliyat yuritadi. Ularning xavfsizligini ta’minlash ham muhim masala. Bu jihatni e’tibordan chetda qoldirmagan holda, asosiy diqqatni shunga qaratamiz”, deydi “Tolibon” rasmiysi. 

Joriy yilning fevral oyida Dohada imzolangan sulh asosida afg‘onlararo muzokaralar boshlangunga qadar Kobul qamoqxonalarida saqlanayotgan 5000 ga yaqin toliblar va radikallar tomonidan ushlab turilgan 1000 ga yaqin tinch aholi vakillari ozod qilinishi shart edi. O‘zaro shartlar bajarildi. “Tolibon” rasmiysi so‘zida davom etarkan, tashkilot tinchlik tarafdori ekanini urg‘uylaydi. 

“Xabaringiz bor, bundan bir necha oy muqaddam Dohada “Tolibon” harakati va AQSH o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi. Shu qadamlarning o‘ziyoq “Tolibon” tinchlik tarafdori ekanini ko‘rsatadi. Biz kelishuv shartlarini bajaramiz, albatta. Shu nuqtayi nazardan aytishim mumkinki, kelgusida Afg‘oniston tomonidan O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarga xavf, tahdid paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Ishonchim komilki, O‘zbekiston bilan qo‘shnichilik aloqalari yanada mustahkamlanadi. Iliq va samimiy munosabatlar har ikki mamlakat barqarorligi uchun xizmat qiladi. 

Yana shuni alohida qayd etmoqchimanki, kelgusida afg‘on zaminida radikal kayfiyatdagi guruh va tashkilotlar, terorchilik guruhlari bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Tilnchlik kelishuvida nafaqat “Tolibon”, balki Amerika tomonining ham majburiyatlari bor. Unga ko‘ra, rasmiy Vashington Afg‘onistondan o‘z harbiy qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. Harbiylar mamakatni tark etgach, biz Afg‘onistonni osudalik, tinchlik uyiga aylantiramiz. Mamlakatda barqarorlik hukm surishiga erishamiz. 

Sir emas, so‘nggi yillarda Afg‘onistonda harbiy harakatlar tufayli vayronagarchiliklar kuzatildi, afg‘on xalqining hayoti izdan chiqdi. Ana shu urush talafotlarini bartaraf etishda qo‘shni mamlakatlar, xususan Markaziy Osiyoning yirik mamlakatlaridan biri hisoblangan O‘zbekiston tomoni yaqindan yordam berayotganini qadrlaymiz”, deydi Mulla Abdulg‘ani Birodar.
 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon Doha

Baholaganlar

388

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing