O‘zbekistondagi yana bir shaharda karantin choralari kuchaytirildi
Jamiyat
−
03 iyul 2020
19337Qarshi shahriga kirish-chiqish jiddiy nazoratga olinadi. Faoliyati to‘xtatilgan nazorat maskan (post)lari qayta tiklanadi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati maxsus komissiyasi qarorida ma’lum qilindi.
Viloyat hokimligining ma’lum qilishicha, Qarshi shahrida karantin choralari kuchaytirilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida shu vaqtgacha koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha jami 201 ta holat qayd etilgan. Koronavirusdan sog‘ayganlar soni 119 nafar bo‘lsa, davolanayotgan bemorlar soni 81 nafar. Bir bemor infeksiyadan zararlanish oqibatida vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 26 iyun kuni bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Qarshi shahri “yashil” hududga kiritilgan.
Kecha, 2 iyul kuni Qashqadaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida bir yo‘la 45 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib, o‘z uyiga kuzatilgandi.
Avvalroq, 30 iyundan Nukus shahrida karantin choralari kuchaytirilgani, shahar “qizil” toifaga kiritilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Bundan tashqari, Jizzax shahar hokimining 2020 yil 1 iyuldagi qaroriga muvofiq shaharga kirish va chiqish qattiq nazorat ostiga olindi.
3 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 121 nafarga oshib, 9199 nafarni tashkil etmoqda.
LiveBarchasi