“Hukumat — iste’foga!” Turkiyada lira “qulashi” ortidan namoyish o‘tkazildi
Olam
−
24 noyabr 2021
12062Turkiyada milliy valyuta — liraning dollarga nisbatan keskin qadrsizlangani oqibatida mamlakatning yirik shaharlari Anqara va Istanbulda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Cumhuriyet” nashri xabar bergan.
Ishtirokchilar hukumat va hukmron “Adolat va taraqqiyot partiyasi” a’zolari iste’fosini talab qilgan. Namoyishlar kecha, 23 noyabr kuni kechqurun boshlangan hamda poytaxt va Istanbulning turli tumanlarida bo‘lib o‘tgan.
Anqarada politsiya namoyishchilarga halaqit berishga, jumladan, to‘siqlar o‘rnatishga uringan. Keyin, miting ishtirokchilari yaqin atrofdagi yo‘laklarga tarqalgan, biroq keyin yana marshga yig‘ilgan.
Ta’kidlanishicha, namoyishchilar “Hukumat — iste’foga!” degan shiorlarni aytgan. Istanbulda aholi Markaziy bank binosi oldida ham namoyish o‘tkazgan. Ba’zilar “Ishingizni yomon bajardingiz, siz sud qilinasiz, hukumat iste’foga chiqsin”, degan plakatlar ko‘targan. Qayd etilishicha, namoyishchilar qozon-tovoqlarni urgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil davomida turk lirasi iqtisodi rivojlanayotgan mamlakatlar valyutalari orasida eng yomon ko‘rsatkichni qayd etgan. Yil boshidan buyon liraning qiymati deyarli 40 foizga tushib ketgan, o‘tgan haftada deyarli 20 foizga pasayish qayd etilgan. Turkiyada inflyatsiya ko‘rsatilganidan to‘rt baravar yuqori ekani aytilmoqda.
Joriy yil 22 noyabr kuni turk valyutasi ilk bor bir dollar uchun 12 liradan, 23 noyabr kuni esa 13 liradan qimmatlasha boshladi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakat yuqori qarz xarajatlari va kuchli valyutaga asoslangan eski siyosatdan voz kechib, sarmoya, eksport va yangi ish o‘rinlari yaratishni nazarda tutuvchi yangi siyosatga o‘tayotganini aytgan. Shuningdek, Prezident mamlakatga iqtisodiy bosim o‘tkazish, jumladan, moliya tizimini beqarorlashtirishga urinishlarni behuda deb atagan.
LiveBarchasi