Erdo‘g‘an Turkiyaga iqtisodiy bosim qilishning oqibati nima bo‘lishini aytdi
Olam
−
23 noyabr 2021 12454 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatga iqtisodiy bosim o‘tkazish, jumladan, moliya tizimini beqarorlashtirishga urinishlarni behuda deb atadi. Bu haqda “Anadolu Agency” xabar berdi.
“Valyuta kurslari, foiz stavkalari va narxlarning oshishi bilan mamlakatimizni bezovta qilmoqchi bo‘lganlar o‘ynayotganini ko‘ryapmiz. Biz o‘zimizning “o‘yin rejamiz”ga amal qilishda davom etamiz”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an Turkiya ilgari turli “tuzoq va mashaqqatlarni” yengib o‘tganidek, hozirgi “iqtisodiy ozodlik urushi”dan ham g‘alaba bilan chiqishiga ishonch bildirdi.
Prezident mamlakat rasmiylari valyuta kursining oshishi bahonasida narxlarni haddan tashqari oshirishga urinishlarni to‘xtatmoqchi ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, u mamlakat hukumati Turkiyaning moliyaviy inqirozlarni boshqarish bo‘yicha tajribasini “dunyo boshdan kechirayotgan favqulodda davr” uchun qo‘llash niyatida ekanini ta’kidladi.
Prezident Turkiya sarmoya, ishlab chiqarish, ish bilan ta’minlash va eksportga qaratilgan iqtisodiy siyosat olib borishga e’tibor qaratganini qo‘shimcha qildi.
Davlat rahbari yaqinda Qora dengizda aniqlangan tabiiy gaz zaxiralari Turkiyaning eng muhim bo‘lgan energetika muammosini hal etish umidlarini kuchaytirayotganini aytgan.
Qayd etish joizki, turk lirasi so‘nggi oylarda dollarga nisbatan keskin qadrsizlanmoqda. Xususan, sentyabr oyi oxirida 1 dollar 8,85 lirani tashkil qilgan bo‘lsa, oktyabr oyi oxirida 9,6 liragacha ko‘tarilgan. Bugungi kunga kelib esa bu ko‘rsatkich 12,58 lirani tashkil qilmoqda.
Live
Barchasi