“Ho‘kiz tug‘ibdi, desa ishonadiganlar” yoxud O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq qanday yolg‘onlar urchidi?

Bu qiziq

image

Koronavirus haqiqatan ham vahimali mavzuga, masalaga va muammoga aylandi. Kimning og‘ziga quloq ossang, aylanibam-o‘rgilibam shu mavzuga borib taqaladi – gap Quyosh tizimi yoki beton quyish masalasida bo‘lmaydimi – odamlarni shu mavzu qiziqtirib qo‘ygan.

Bundan “unumli” foydalangan ayrim odamlar esa o‘zlaridan biolog, infeksiolog, baktereologik mutaxassislar “yasab olib”, to‘g‘ri kelgan, kelmagan gap-so‘zlarni, aniqrog‘i, yolg‘onlarni urchitishni boshladi. Sodda odamlar esa, “haa, shunday ekan-daaa...”, deb ularga laqqa ishondi va ishonishda davom etmoqda.

AOKA shtabida har kuni o‘tkazilayotgan brifinglarda turli soha vakillari chiqib, aholini o‘ylantirib kelayotgan savollarga javob bermoqda, mish-mish va yolg‘onlarni ochib tashlamoqda. Quyida O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq yolg‘on ma’lumotlarga berilgan savollarga Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovning javoblarini havola etamiz.

 

Savol: Havo harorati 40 daraja issiq bo‘lganda koronavirus atmosfera havosida nobud bo‘lishi rostmi?

Javob: Afsuski, yo‘q. Singapur universitetining medRxiv portalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, virusning sezuvchanlik xususiyati aniq belgilangan, ya’ni u selsiy shkalasi bo‘yicha 70 darajaga tenglashtirilgan. Ta’kidlash lozimki, koronavirusning turli yuzalarda yashuvchanligi turlicha: masalan, qog‘ozda 3 soat, kiyimda 2 kun, shisha yuzasida 4 kun, plastikda 7 kun saqlanib qoladi. Shuning uchun ham dezinfeksiya qilish o‘ta muhim.

Savol: Ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy ekspertlarning bashoratlariga ko‘ra, noyabr oyida ham virus bo‘yicha epidemiologik vaziyat taranglashar ekan, degan xabarlar tarqalmoqda. Bu ma’lumot qanchalik asosli?

Javob: Epidemiologik vaziyatning taranglashuvi va davom etish muddati to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan fikrlar va "Kasallik haqida bashoratchilar avvaldan aniq aytib, yozib ketgan ekan", kabi gaplarning barchasiga ISHONAVERMANG.

Savol: Internetda o‘qib qoldim, yangi kuzatuvlar buyicha COVID-19 ba’zi holatlarda miya yemirilishiga olib kelayapti ekan. Bunga tibbiyot xodimlarimiz nima deydi? Bu qanchalik rost?

Javob: Hozirgi kunda internetda koronavirus to‘g‘risida ko‘p yolg‘on ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda. COVID-19 miya yemirilishiga OLIB KELMAYDI.

Savol: Ma’lum yillar oldin Kubada yaratilgan qarshi 100 foiz natija berarkan, hatto AQSHda yoshi kattalar hamushbu preparat yordamida tuzalibdi. Bu dori koronavirusga qarshi ta’sir qilayotganini AQSH tibbiyot agentligi ham tasdiqlabdi.Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu xabarga munosabatingiz? 

Javob: “INTERFON ALFA B2” dorisining koronavirusga qarshi samarasini tasdiqlovchi klinik protokollar Jahon miqyosida mavjud emas. O‘zbekiston Respublikasida hozirgi kunda XLORAXIN preparatining organizmning virusdan tozalanishida samarasi yaqqol namoyon bo‘layapti.

Savol: Ushbu kasallikga qarshi vaksina qachon paydo bo‘ladi, internet saytlarida AQSH davlatida vaksina ishlab chiqilgani, ushbu vaksina bilan bemorlarni 3 soat ichida davolab yuborsa bo‘ladi deyishayapti, shu to‘g‘rimi?

Javob: Bir narsani aniq bilishimiz kerak. Vaksina davolash vositasi emas. U profilaktika jarayonida qilinadigan bir jarayon. Kimdir vaksina yordamida davolabdi deyishsa bu noto‘g‘ri talqin.

Bu kabi mish-mish va yolg‘on xabarlarning oldini olish uchun OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar orqali aniq ma’lumotlar berib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 390 nafarga yetdi. Ularning 30 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

332

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing