“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ 398 mln so‘mga Trailblazer sotib olgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
26 noyabr 2020
9357“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati joriy yilning may oyida O‘zbekistonda qat’iy karantin o‘rnatilib, mamlakatda cheklovlar amal qilib turgan vaqtda 398 mln so‘mga Trailblazer rusumli avtomobil sotib olgan.
Jamiyatning ma’lum qilishicha, exarid.uzex.uz portalida ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘g‘ri. Haqiqatda hozirgi kunda kompaniya avtoparkida Trailblazer LTZ AT avtomashinasi mavjud. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xabarida bu mashinani sotib olish nega kerak bo‘lganiga ham to‘xtalib o‘tilgan.
“Mazkur avtomashina uzoq masofaga hamda tog‘li sharoitlarga xizmat safarlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Jamiyatning shunday turdagi mashinaga ehtiyoji tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchi mahsuloti shartnoma asosida xarid qilingan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ 252,2 ming km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari orqali O‘zbekiston Respublikasining maishiy va yuridik iste’molchilariga elektr energiyasini yetkazib beradi.
“Ana shu elektr tarmoqlarining ayrim qismi noqulay tog‘ sharoitlari hamda oddiy yengil avtomashina yetib borishi qiyin hududlar yohud talafot zonalarida (“Sardoba” suv ombori yemirilishi tufayli sodir bo‘lgan kabi) joylashgani sabab, bu yerda olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishish va zarur hollarda operativ choralar ko‘rish uchun tezkor yetib borish ehtiyoji mavjudligi sabab Boshqaruv kengashi qaroriga asosan xarid qilingandir”, deyiladi jamiyat xabarida.
Avvalroq, Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimi Captiva turib, xizmat mashinasi sifatida 370 mln so‘mga Trailblazer rusumli avtomobil sotib olgani xabar qilingandi.
Keyinroq Surxondaryo viloyat Davlat soliq boshqarmasi Moliya vazirligining rasmiy xatini qalbakilashtirib, Nexia-3 o‘rniga 349 mln so‘mga Equinox sotib olgani ma’lum bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda davlat idoralari rahbarlarining xizmat mashinasi klassini qat’iy belgilab qo‘yish rejalashtirilyapti. Shuningdek, hozirgacha qimmatbaho avtomobillarni sotib olishga ulgurgan raharlarning mashinalari xatlovdan o‘tkazilib, auksionda sotiladi.
LiveBarchasi