Hormuzdagi taranglik ortidan neft narxi keskin ko‘tarildi
Olam
−
20 iyul 2262 2 daqiqa
Yaqin Sharqdagi keskinlashular ortidan jahon neft bozorida narxlar keskin ko‘tarilib, bugun, 20 iyul kungi holatiga ko‘ra Brent markali neft narxi bir barrel uchun 90 AQSH dollaridan oshdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Brent markali neft narxi 2,37 foizga oshib, bir barrel uchun 90,19 AQSH dollariga yetgan. Shu tariqa, narx 11 iyundan buyon ilk bor 90 AQSH dollarilik chegaradan yuqorilagan. AQSHning WTI markali nefti esa 2,07 foizga oshib, 84,20 AQSH dollarini tashkil etgan.
Qayd etilishicha, narxlarning o‘sishiga AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilikning kuchayishi hamda dunyodagi eng muhim neft yo‘llaridan biri hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish bilan bog‘liq xavotirlar sabab bo‘lmoqda.
Nashrning yozishicha, dam olish kunlari AQSH Eronga qarshi ketma-ket zarbalarni davom ettirgan. Eron esa Hormuz bo‘g‘ozining janubiy qismida harakatlangan ikki neft tankerida portlash sodir bo‘lganini bildirgan. Biroq mazkur ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
Kecha, 19 iyul kuni Hormuz bo‘g‘ozi orqali atigi to‘rtta kema o‘tgan. Bu avvalgi kundagi ko‘rsatkichdan ikki barobar kam. Ekspertlarga ko‘ra, agar mintaqadagi keskinlik yanada kuchaysa, global neft ta’minoti izdan chiqishi va narxlar yana oshishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq neft narxlari AQSH va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuvi bo‘lishi mumkinligi haqidagi umidlar fonida keskin pasayib, Brent etalon nefti narxi bir kunda 5,5 foizga tushgan hamda barreli qariyb 97,7 AQSH dollari atrofida savdo qilingandi.
Live
Barchasi