Hokimlar nega Toshkentda davolanyapti?

Jamiyat

image

Avvalroq, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov koronavirusga chalingani va Toshkentdagi shifoxonada davolanayotgani haqida xabar bergan edik.

Hokimlarning o‘z hududida emas, poytaxtda davolanishi ijtimoiy tarmoqlarda munozaralarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar tomonidan nega Karim Kamolov viloyatda emas, poytaxt shifoxonasida davolanyapti, bu holat viloyatdagi shifokor-mutaxassislarga ishonchsizlik emasmi, mazmunidagi savollar o‘rtaga tashlanmoqda.

Shu sababdan Buxoro viloyati hokimligi Karim Kamolov nega Toshkentda davolanayotganiga izoh berdi. 

“Viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Narziyevning ma’lum qilishicha, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolovda joriy yilning 25 iyul kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Shu kundan boshlab viloyat rahbari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyat filialida muolaja olishni boshlagan”, deyiladi hokimlik xabarida.

Qayd etilishicha, agar Karim Kamolov mahalliy shifokorlar va shifoxonalarga ishonchi bo‘lmaganida o‘sha zahotiyoq poytaxtga borgan bo‘lardi!

Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka ko‘ra viloyat hokimlari hukumat qoshidagi Tibbiyot bosh boshqarmasi ro‘yxatida turib, zarur holatlarda tibbiy diagnostika qilish, davolash, umuman olganda, ularning salomatligini muhofaza qilish mazkur boshqarma zimmasiga yuklatilgan.

“Shunga muvofiq, ushbu Tibbiyot bosh boshqarmasining talabiga ko‘ra Karim Kamolov 29 iyul kuni davolash muolajalarini davom ettirish uchun Toshkent shahridagi klinikaga ko‘chirib o‘tkazildi. Viloyat hokimi o‘tgan 3 kun davomida malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga muvofiq ishlab chiqilgan standartlar asosida davolash kurslarini o‘tamoqda. Hozirda Karim Kamolovning ahvoli yaxshi. U yaqin kunlarda to‘liq tuzalib, o‘z faoliyatini davom ettiradi”, deya izohlangan hokimning Toshkentda davolanayotgani.

Avvalroq, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ham koronavirusga chalingani va Toshkentda davolanayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

518

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing