Hokimlar xizmatidagi avtotransportning maksimal narxi belgilanadi
Jamiyat
−
13 noyabr 2020
22582O‘zbekistonda hokimlar va davlat idoralari rahbarlarini xizmat mashinasi bilan ta’minlashda avtotransport vositalarining maksimal narxlarini chegaralab qo‘yish rejalashtirilyapti. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burhonov ma’lum qildi.
Burhonov, ayrim mansabdor shaxslar bugungi murakkab (pandemiya) sharoitida davlat mablag‘larining samarali sarflanishi naqadar muhim ekanligini to‘la anglab yetmayotganini ta’kidlagan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama bo‘layotgan – qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilish – bunga yaqqol misol bo‘la oladi”, deydi agentlik rahbari.
Bunday hollarda davlat xizmatchilariga “Halollik vaksinasi”ni normativ hujjatlar qabul qilib, tegishli cheklovlarni qo‘llash orqali singdirishdan boshqa chora qolmayapti, deya so‘zini davom ettirgan Akmal Burhonov.
Ma’lum qilinishicha, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasida aynan mana shu kabi holatlarning oldini olish rejalashtirilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlariga xizmat avtoransportlarni klassiga qarab biriktirish normativlari (eng yuqori narxlari) belgilanadi.
Jumladan, tuman, shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransporti narxi BHMning 1200 baravari (267 mln. 600 ming so‘m)dan oshmasligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari xizmat avtomashinasi narxi esa BHMning 700 baravari (156 mln. 100 ming so‘m)dan oshmasligi kerak bo‘ladi.
Davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtoransportlari xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan normativlardan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari “E-IJRO AUKSION” orqali auksion savdolarda sotilishi ta’minlanadi.
Xizmat avtoransportlarini sotishdan tushgan mablag‘lar esa tegishlicha respublika byudjetiga va Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga yo‘naltiriladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Bunda avtotransportning texnik holati, undan foydalanish xavfsizligi, shuningdek, yangisiga almashtirishning iqtisodiy maqsadi inobatga olinishi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, xizmat avtotransportlaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus veb-portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy ta’minotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabardor qilinadi.
“O‘ylaymanki, mazkur hujjatning qabul qilinishi bugungi kun uchun juda dolzarb masalaga aylangan — byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, uning ustidan jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishiga xizmat qiladi”, deydi Akmal Burhonov.
Avvalroq, Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimi Captiva turib, xizmat mashinasi sifatida 370 mln so‘mga Trailblazer rusumli avtomobil sotib olgani xabar qilingandi.
Keyinroq Surxondar viloyat Davlat soliq boshqarmasi Moliya vazirligining rasmiy xatini qalbakilashtirib, Nexia-3 o‘rniga 349 mln so‘mga Equinox sotib olgani ma’lum bo‘lgandi.