Hijob masalasi kuch bilan hal qilinmaydi – Pezeshkiyon
Olam
−
11 avgust 6938 2 daqiqa
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon odamlarni kuch bilan hijob kiyishga majburlash mumkin emasligini aytdi. Bu haqda Prezident jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, o‘tmishda kuch ishlatib, ularni hijobdan voz kechishga majburlashning imkoni bo‘lmagani kabi bu siyosatdan foydalanish ham ish bermaydi.
“Men ishonamanki, odamlarni majburlab hijob kiydirish mumkin emas. Xuddi ularning boshidan hijobni majburlab yechish ham mumkin bo‘lmaganiday”, degan Pezeshkiyon.
Prezident mamlakatda majburiy hijob masalasini kuch ishlatish yoki janjal chiqarish yo‘li bilan emas, balki tushuntirish va ishontirish orqali hal qilishga chaqirgan. Shu bilan birga, u masjidlarning ahamiyatini alohida ta’kidlagan va hozirda Eronda 80 ming masjid borligini, ya’ni har ming aholiga bir masjid to‘g‘ri kelishini aytgan.
Pezeshkiyon shaxsiy misol sifatida qizini keltirib, unga qanday kiyinishini buyura olmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buyruq o‘rniga muloqot qilish kerak, shunda inson hijob o‘rash g‘oyasini qabul qiladi va unga amal qiladi. Bu masalada qo‘pol munosabat diniy qadriyatlardan nafrat uyg‘otishi mumkinligini qayd etgan.
2024 yilning noyabr oyi oxirida Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibof hijob kiyish qoidalariga oid yangi qonun loyihasi 13 dekabr kuni parlament muhokamasiga kiritilishini aytgan edi. Biroq parlamentda muhokamadan ikki oy o‘tgach, Eron Milliy xavfsizlik kengashi qonun loyihasidagi ayrim tushunarsiz iboralarni aniqlashtirish maqsadida jarayonni to‘xtatishni so‘radi. Qolibofning aytishicha, yangi hijob to‘g‘risidagi qonun axloq politsiyasini bekor qilishni nazarda tutadi.
Eron ayollarining hijob kiyish qoidalariga rioya etishi, xususan, boshni to‘liq yopadigan ro‘mol taqish majburiyati masalasi ayollar huquqlariga oid dolzarb mavzuga aylangan. Bu masala 2022 yilning kuzida mamlakat bo‘ylab tarqalgan tartibsizliklardan keyin yanada keskinlashdi. Omaviy noroziliklar sentyabr o‘rtalarida, axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinganidan so‘ng vafot etgan Mahsa Amini voqeasidan keyin boshlandi. Norozilar Aminining o‘limida hukumatni aybladi. Eronlik ayollar ijtimoiy tarmoqlarda sochlarini kesib, hijoblarini yoqayotgan videolarni ommaviy tarqata boshladi.
Eron hukumati esa tartibsizliklarni G‘arb davlatlari qo‘llab-quvvatlaganini aytib, ularni o‘z OAVlari orqali provokatsion xabarlar tarqatganlikda, shuningdek, aholini inqilob va hokimiyatni ag‘darishga chaqirganlikda aybladi. Huquq-tartibot idoralari G‘arb davlatlari, Isroil va Saudiya Arabistoni razvedka xizmatlari tomonidan yollangan shaxslarni ommaviy hibsga oldi, shuningdek, mamlakat chegaralarida tartibsizlik ishtirokchilariga mo‘ljallangan katta hajmdagi qurollarni deyarli har kuni musodara qilib bordi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron hijob o‘rash qoidalariga rioya qilinishini dronlar va videokuzatuv kameralari yordamida nazorat qilishni boshlagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi