“Hizbulloh” AQSHga hujum qilishi mumkin – “Politico”
Olam
−
11 yanvar
9547Amerika razvedkasi “Hizbulloh” AQSH hududiga yoki xorijdagi amerikalik diplomatlarga hujumlar uyushtirishi mumkin, deb hisoblamoqda. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatidagi to‘rtta manbaga tayanib, “Politico” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, rasmiylar “birinchi navbatda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qurolli guruh” Yaqin Sharqdagi Amerika qurolli kuchlariga zarba beradi, deb hisoblaydi.
"AQSH razvedkasi “Hizbulloh”ga oid ma’lumotlarni to‘plamoqda, bu esa u AQSH harbiylari yoki diplomatik xodimlariga qarshi hujumlar uyushtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganidan dalolat beradi. Mintaqada keskinlik kuchaygan sari AQSH hududiga hujum qilish ehtimoli ham oshib bormoqda", deb yozadi gazeta.
Ta’kidlanishicha, AQSH ma’muriyatidagi manbalar gap qanday hujum haqida ketayotganini tushuntirmagan. Ularning aytishicha, “Hizbulloh” keng xalqaro tarmoqqa ega bo‘lib, bu guruhga AQSH hududida hujum uyushtirish uchun agentlardan foydalanishga imkon beradi.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi boshqa guruhlar ham bunday imkoniyatlarga ega emas.
Qayd etilishicha, AQSH hududiga yoki xorijdagi Amerika harbiylari yoki diplomatlariga hujum "Bayden ma’muriyati uchun zarba bo‘ladi".
"Bu milliy xavfsizlik resurslarini Xitoy va Rossiyaga qarshi kurashishga qaratmoqchi bo‘lgan bir paytda AQSHni Yaqin Sharqqa qaytarishi mumkin", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 4 yanvar kuni “Hizbulloh al-Nujaba” harakati qo‘mondonlaridan biri Abu Taqva Bag‘dodda Amerika uchuvchisiz uchoqlarining zarbasi oqibatida halok bo‘lgan, yana kamida olti kishi yaralangan edi. Taqva harakatning 12-brigadasini boshqargan va ayni paytda Iroq militsiyasi “Al-Hashd ash-Shabi”ning tarafdori edi. 2023 yilning 26 dekabrida AQSH Markaziy qo‘mondonligi Iroq va Suriyadagi koalitsiya kuchlariga qarshi hujumlarga javoban Iroq hududidagi “Kataib Hizbulloh” nishonlariga hujum qilganini e’lon qildi. O‘shanda Iroq hukumati AQSHning respublikadagi nishonlarga zarbalarini mamlakat suverenitetini buzuvchi dushmanlik harakati sifatida baholadi.
LiveBarchasi