Hindistonda yana bir infeksiya aniqlandi

Olam

image

Hindistonning G‘oziobod shahrida “oq mog‘or” va “qora mog‘or” infeksiyalari ortidan “sariq mog‘or” tarqalishi qayd etildi. Bu haqda “The Economic Times” xabar bergan.  

Birinchi holat haqida mahalliy otorinolaringolog B.P. Tyagi ma’lum qilgan. Shifokor, odatda sudralib yuruvchi jonzotlarda kuzatiluvchi ushbu kasallikning odamlarda uchrashiga birinchi marta to‘qnash kelganini ta’kidlagan. 

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bemor nimjonlik va zaiflikdan, shuningdek ishtahasi yo‘qligidan shikoyat qilgan. Bemor bundan tashqari “oq mog‘or” bilan ham kasallangan. 

Ta’kidlanishicha, bemor ikki oy davomida koronavirusdan davolangan va salomatligi yaxshilana boshlagan. Biroq 4 kun avval yuzining o‘ng tomoni shishgan va burnidan qon keta boshlagan. Shifokor bemorning ahvolini qoniqarli deb atash mumkin emasligini ta’kidlamoqda.

Avvalroq, Hindistonda “qora mog‘or” (mukormikoz) bilan kasallanganlar soni to‘qqiz mingga yaqinlashgani ma’lum bo‘lgandi. Qo‘ziqorin infeksiyasi COVID-19 ning yon ta’siri sifatida paydo bo‘ladi. Shifokorlarning fikriga ko‘ra, buning sababi koronavirusni davolashda ishlatiladigan steroidlarda bo‘lishi mumkin. Kasallik koronavirusdan qutulgandan 12-18 kun o‘tgach aniqlanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, mukormikoz bilan kasallangan barcha bemorlar diabetga chalingan, bemorlarning hech birida qonda shakar darajasi normal bo‘lmagan. 

Shuningdek, Hindistonda “qora mog‘or” epidemiyasi fonida “oq mog‘or” infeksiyasi ham paydo bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston infektsiya

Baholaganlar

233

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing