Hindistonda Ronalduga haykal o‘rnatilishi noroziliklarga sabab bo‘ldi
Sport
−
30 dekabr 2021
12261Hindistonda “Manchester Yunayted” va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu sharafiga haykal o‘rnatildi. Bu haqda “The Times of India” nashri xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, haykal Goa shtatida — futbolchining vatanidan 9 ming kilometr uzoqlikda o‘rnatilgan. Haykalning narxi taxminan 14 ming yevro, og‘irligi esa taxminan 410 kilogramm.
Haykal o‘rnatilishi haqida Hindistonning Goa shtati Fan va texnologiyalar vaziri Mixael Lobo ma’lum qilgan.
“Futbolga mehr-muhabbat va yoshlarimizning iltimosiga ko‘ra bog‘da Krishtianu Ronaldu haykalini o‘rnatdik. U yoshlarimizni futbolda yangi cho‘qqilarga olib chiqishga undash maqsadida tashkil etildi. Yangi shahar joyini, obodonlashtirishni, poydevor va piyodalar yo‘laklari bo‘lgan bog‘ni kashf etish menga sharaf bo‘ldi”,
deb yozgan Lobo Twitter’da.
Biroq, haykal o‘rnatilishidan norozilar ham topilgan. Uzoq vaqt davomida Goa shtati Portugaliyaning mustamlakasi bo‘lgan va 60 yil oldin u Hindiston yurisdiksiyasiga qaytgan. Shu bois mahalliy aholi portugaliyalik futbolchining yutuqlari shtatda abadiylashtirilayotganidan norozi.
Xabarlarga ko‘ra, ko‘pchilik haykal o‘rnatilishiga norozilik bildirish uchun qora bayroqlar ko‘targan. Shuningdek, tanqidchilar Ronalduning o‘rniga hindistonlik futbolchilarni hurmat qilish kerak, degan fikrda.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu “Globe Soccer Awards” yillik taqdirlash marosimida barcha davrlarning eng yaxshi to‘purari deb topilgandi.
LiveBarchasi