Misrda 3 ming yillik ikki ulkan fir’avn haykali topildi

Olam

−

image

Misrning Nil deltasi hududidagi qishloqda qariyb 3 ming yil davomida yer ostida qolib ketgan ikkita ulkan fir’avn haykalining qoldiqlari topildi. Ulardan biri qadimgi Misrning mashhur hukmdori Ramzes II ga tegishli ekani tasdiqlangan. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Qayd etilishicha, topilma Qohiradan taxminan 100 kilometr shimolda joylashgan Behbeyt al-Hajar qishlog‘ida aniqlangan. Bunga mahalliy dehqonning o‘z dalasida sirli tosh bo‘lagini ko‘rib qolishi sabab bo‘lgan. Toshning qadimiyligini taxmin qilgan dehqon bu haqda tegishli idoralarga xabar bergan. Shundan so‘ng, mutaxassislar hududga arxeologlarni yuborgan.

Qazish ishlari davomida ikkita ulkan qirollik haykalining qoldiqlari aniqlangan. Misr Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligining bayonotida haykallardan biri Ramzes II ga tegishli ekani, ikkinchisi ham, ehtimol, shu hukmdorni tasvirlashi aytilgan.

Topilmalarning eng diqqatga sazovorlaridan biri Ramzes II ning balandligi taxminan 1,6 metr bo‘lgan ulkan boshi hisoblanadi. Unda fir’avn Yuqori va Quyi Misrning birlashuvini ifodalovchi qo‘sh tojda tasvirlangan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, haykal to‘liq holatida poydevori bilan birga taxminan 8,5 metr balandlikda bo‘lgan.

Ikkinchi haykalning uzunligi esa qariyb 2,4 metrni tashkil etadi. Biroq uning oyoqlari va pastki qismi yo‘qolgan. Shunga qaramay, tadqiqotchilar haykalning yuz qismi ming yillar o‘tganiga qaramasdan yaxshi saqlanib qolganini qayd etgan.

Qazishmalar davomida Ramzes II ning qirollik unvonlari bitilgan iyeroglif yozuvlari tushirilgan pushti granit bo‘lagi ham topilgan.

Rasmiylar topilmaga sababchi bo‘lgan dehqonning harakatlarini yuqori baholagan. Uning tosh haqida tezkor ravishda xabar berishi Misrning muhim madaniy merosini himoya qilishga yordam bergan.

Hozirda hududda qazish ishlari davom etmoqda. Arxeologlar qishloq ostida boshqa qadimiy buyumlar ham qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Yangi topilmalar bu hududda qadimda mavjud bo‘lgan ibodatxona majmuasi va uning Ramzes II hukmronligi davridagi ahamiyati haqida qo‘shimcha ma’lumot berishi mumkin.

Nashrga ko‘ra, Behbeyt al-Hajar Misrning Nil deltasi hududidagi mashhur arxeologik joylardan biri bo‘lib, u qadimgi Isida ibodatxonasining ulkan qoldiqlari bilan tanilgan. Asosan yirik granit bloklardan qurilgan ushbu ibodatxona Misr tarixining kech davri va Ptolemeylar sulolasi hukmronligi vaqtida muhim diniy markazlardan biri bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Ramzes II – Qadimgi Misrning XIX sulolasi vakili bo‘lib, miloddan avvalgi XIII asrda hukmronlik qilgan fir’avn. U taxminan miloddan avvalgi 1279–1213-yillarda Misrni boshqargan va mamlakat tarixidagi eng mashhur hukmdorlardan biri hisoblanadi. Ramzes II davrida ko‘plab ibodatxonalar va ulkan me’moriy yodgorliklar qurilgan. U tarixda Ramzes Buyuk nomi bilan ham tanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistondagi Issiqko‘l ko‘li tubidan arxeologlar X–XI asrlarga oid Qoraxoniylar davri tangalarini topgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing