Hindistonda ikki o‘zbekistonlik 16,5 kg oltin bilan qo‘lga olindi
3-sahifa
−
15 iyun 2023
27876Toshkentdan Dehliga uchgan ikki o‘zbekistonlik katta miqdordagi tilla buyumlarni Hindistonga noqonuniy ravishda o‘tkazmoqchi bo‘lganda qo‘lga olindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hibsga olingan O‘zbekiston fuqarolari Dehliga savdo maqsadida muntazam ravishda qatnab kelgan.
Indira Gandi aeroportida dastlabki tintuv chog‘ida o‘zbekistonlik yo‘lovchilar oltin solingan qopni konveyer yoniga tashlab ketgani sababli ulardan hech narsa topilmagan. Ulardan biri fosh bo‘lganini anglab yetgach, boshqa reys bilan uchib ketishga intilgan, ammo oxir-oqibat qo‘lga olingan.
“Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bir yo‘lovchining shaxsi aniqlangan va ular reysdan tushgan paytdan boshlab kuzatilgan. Ayblanuvchi ushlandi, biroq uning yuki va shaxsi tekshirilganda hech qanday kontrabanda aniqlanmadi”, deydi rasmiylardan biri.
Keyin esa o‘zini shubhali tutayotgan ikkinchi yo‘lovchini ham kuzatish boshlangan va uning shaxsi aniqlangan. Yuklari tekshirilganda undan ham hech narsa topilmagan. Keyinroq u qo‘lga tushishidan qo‘rqib, yukini bojxona zaliga tashlab ketgani aniqlangan.
Tashlab ketilgan sumka skanerdan o‘tkazilganda uning ichida zanjir ko‘rinishidagi 16,5 kilogramm oltin borligi ma’lum bo‘lgan.
Sumkani tashlab ketgan ayolning shaxsi videokuzatuv kameralari orqali aniqlangan. Qidiruv davomida u Air Astana aviakompaniyasining Olmaotaga uchayotgan reysi orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan surishtiruv ishlari olib borilayotgani xabar qilingan. O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi surishtiruv jarayonini nazoratga olgan hamda mas’ul huquq-tartibot idoralari bilan ishchi aloqalar o‘rnatilgan. Shuningdek, hibsdagi fuqarolar bilan uchrashuv choralari ko‘rilayotgani aytilmoqda.
Diplomatik missiya o‘zbekistonliklarni xorijga, jumladan, Hindistonga safar qilish chog‘ida chet davlatlar qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishga, turli shubhali guruhlar yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda 3 kilogramm 208 grammdan ortiq oltinni noqonuniy yo‘llar bilan mamlakatdan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi