Hindiston “Telsartan N” preparati seriyasini O‘zbekistondan qaytarib oladi
Olam
−
08 yanvar 3342 2 daqiqa
Hindistonning “Dr. Reddy’s Laboratories Ltd” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda sotilayotgan “Telsartan H” dori vositasining ayrim seriyasi muomaladan qaytarib olinmoqda. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘tkazilgan sifat nazorati va barqarorlik sinovlari natijalariga ko‘ra, “Telsartan H 80 mg/12,5 mg” dori vositasining C2501976 seriyasida faol modda – gidroxlorotiazid miqdorining belgilangan me’yorlardan chetga chiqqani aniqlangan. Mazkur holat dori vositasining sifat ko‘rsatkichlariga oid nomuvofiqlik sifatida baholangan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga kiritilgan C2501977 seriyasi bo‘yicha faol modda miqdoriga oid bunday nomuvofiqlik qayd etilmagan. Biroq ushbu seriya, nomuvofiqlik aniqlangan seriya bilan bir xil ishlab chiqarish lotiga mansub bo‘lgan faol moddadan ishlab chiqarilgani sababli, dori vositalari muomalasi xavfsizligini ta’minlash hamda ehtimoliy xavflarning oldini olish maqsadida profilaktik choralar doirasida bozordan qaytarib olinmoqda.
Shu munosabat bilan, yuqorida ko‘rsatilgan seriyadagi “Telsartan H 80 mg/12,5 mg” preparatini sotib olgan fuqarolardan ushbu dori vositasini iste’mol qilmasliklari, agar u avvaldan mavjud bo‘lsa, undan foydalanmasliklari, shuningdek, zarurat tug‘ilganda davolovchi shifokor bilan maslahatlashgan holda muqobil dori vositasini tanlashlari so‘raladi.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi aholini dori vositalaridan foydalanishda doimo ehtiyotkorlikka rioya etishga, dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz o‘zboshimchalik bilan qabul qilmaslikka hamda ular bilan bog‘liq har qanday axborotni faqat rasmiy va ishonchli manbalar orqali tekshirib olishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, dori vositalari muomalasiga oid ma’lumotlar yuzasidan asossiz xulosalar chiqarmaslik, turli norasmiy manbalarda tarqatilayotgan tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslik tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Nestle Food” O‘zbekistonda cheklangan miqdordagi bolalar ovqatlarini ixtiyoriy ravishda qaytarib olishini e’lon qilgan edi. Xususan, tez eriydigan quruq sut va nordon sutli aralashmalar, shuningdek, shifobaxsh parhez taomlarning aminokislotalari asosidagi quruq aralashmasi shular jumlasidan.
Live
Barchasi