Hindiston aholi soni bo‘yicha Xitoyni dog‘da qoldirdi
Bu qiziq
−
18 yanvar 2023
18416Word Population Review (WPR) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning oxirida Hindiston aholisi soni 1,417 milliard kishini tashkil etgan. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Hindiston aholisining soni Xitoy aholisining sonidan 5 millionga ko‘p. Hozirda Xitoy aholisi 1,412 milliardni tashkil etmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Hindiston aholisi bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirib, dunyoda aholi soni bo‘yicha yetakchi bo‘lishini bashorat qilgan edi. WPR’ning ma’lum qilishicha, joriy yilning 18 yanvar holatiga ko‘ra, Hindiston aholisi yanada ko‘paygan va 1,423 milliard kishini tashkil etgan.
Hindiston rasmiy ravishda aholining yangi raqamlarini e’lon qilmagan. Mamlakatda odatda har 10 yilda bir marta aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi, ammo 2021 yilda bu pandemiya sababli qoldirilgan.
BMT prognoziga ko‘ra, yaqin yillarda Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi aholi soni bo‘yicha farq sezilarli darajada oshadi. 2050 yilga borib Hindiston aholisi 1,688 milliard kishini, Xitoyda esa 1,317 milliard kishi yashashi aytilgan.
Umuman olganda, aholi sonining eng katta o‘sishi Kongo Demokratik Respublikasi, Misr, Efiopiya, Hindiston, Nigeriya, Pokiston, Filippin va Tanzaniyada kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Xitoy aholisi o‘tgan yilga nisbatan 850 ming kishiga kamaygan edi.
Ozoda Choriyeva