Hayit bayrami 30 mart kuni nishonlanadi. Tojikistonda!
Olam
−
25 mart
54524Bu yil Tojikistonda Ramazon oyi 29 kun davom etishi mumkin, 30 mart kuni esa Idi Ramazon (Id al-Fitr) bayrami nishonlanadi. Bu haqda Tojikiston Respublikasi Din ishlari, an’analar, tantanalar va marosimlarni tartibga solish qo‘mitasiga tayanib, “Asia-Plus” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Tojikiston ulamolar kengashi 27 mart kuni yig‘ilish o‘tkazib, bayram sanasi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi.
“Joriy yilda Rajab va Sha’bon oylari 30 kundan iborat bo‘lgani sababli, Ramazon oyi 29 kun davom etishi ehtimoli yuqori. Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni va boshqa musulmon davlatlari ham xuddi shu fikrga qo‘shilmoqda”, deyiladi Qo‘mita bayonotida.
Tojikistonda bu yil Ramazon 1 martdan boshlangan. Tojikiston ulamolar kengashi oyning boshlanishini Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Astrofizika ilmiy-tadqiqot instituti xulosasi asosida belgilagan.
Tojikistonda bu yil Fitr sadaqasi miqdori 8 somoniy (9 500 so‘m), zakot esa 900 somoniy (1 mln so‘m) etib belgilangan. Zakot to‘lash majburiyati 36 000 somoniy (42 mln 700 ming) va undan ortiq moliyaviy imkoniyati bor shaxslarga yuklatiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bu yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobini ≈ 85 gramm 585 probali tillaning qiymatidan kelib chiqib, 61 mln 200 ming so‘m deb belgilagan. Shunga ko‘ra, kimda zaruriy ehtiyojidan tashqari kamida 61 mln 200 ming so‘m qiymatidagi pul mablag‘i yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moli bo‘lsa, jami mablag‘ining qirqdan birini (2,5%) zakot niyatida haqdorlarga beradi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


