“Hayfsan” olib lavozimidan ketgan Abdullayev ishsiz qoldirilmadi
Jamiyat
−
13 mart 2023
13822Prezidentdan “hayfsan” olgach, lavozimidan ozod etilgan “O‘zbekneftgaz” AJning sobiq raisi Mehriddin Abdullayev ishsiz qolgani yo‘q. U Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmon bilan Hisob palatasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Farmon joriy yilning 10 mart kuni imzolangan bo‘lsada, bugun, 13 mart kuni e’lon qilindi.
Avval xabar berganimizdek, Abdullayevdan bo‘shagan o‘rin – “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi lavozimini Bahodirjon Sidiqov egalladi.
Mehriddin Abdullayev 2020 yilning yanvaridan buyon “O‘zbekneftgaz” AJni boshqarib kelayotgan edi.
2022 yilning 15 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi energetik inqiroz sabab Abdullayevga “hayfsan” berildi.
2023 yilning 16 yanvar kunt Prezident raisligida o‘tgan navbatdagi selektorda Mehriddin Abdullayev lavozimidan ozod etilib, unga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.
Mehriddin Abdullayev 1993 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2005 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
“O‘zbekneftgaz”dagi faoliyatigacha:
• 2010−2012 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori;
• 2012−2015 yillarda moliya vaziri o‘rinbosari;
• 2015−2016 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi ijrochi direktori;
• 2016-2017 yillarda Buxoro viloyati hokimining ma’muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari;
• 2017 yilda viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari;
• 2017−2020 yillarda O‘zbekiston Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
LiveBarchasi