Harris prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi
Olam
−
27 Oktabr 3719 2 daqiqa
AQSHning sobiq vitse-prezidenti Kamala Harris kelgusi saylovlarda AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘yishi mumkin. Bu haqda u BBC’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Harrisning so‘zlariga ko‘ra, u o‘tgan yili AQSH Prezidenti Donal’d Trampga mag‘lub bo‘lganidan keyin 2028 yilda yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkin va kelajakda ayol rahbar Oq uyda faoliyat olib borishiga ishonchi komil.
Shuningdek, Harris navbatdagi yuqori lavozimda faoliyatini boshlash haqida o‘ylab ko‘rayotganini aytib, uning avlodlari kelajakda Oq uyda ayol prezidentning faoliyatiga guvoh bo‘lishini ta’kidlagan.
“Men hali o‘yinni tugatmadim. Butun hayotimni davlatga xizmat qilishga bag‘ishladim va bu mening suyaklarimgacha singib ketgan”, deydi sobiq vitse-prezident.
Harris Demokratlar partiyasidan nomzodlar ro‘yxatida g‘olib chiqish ehtimoli past deb baholanayotgani yuzasidan munosabat bildirib, bunday so‘rovnomalarga ahamiyat bermasligini aytgan.
“Men hech qachon so‘rovnomalarga quloq tutmaganman. Agar ularga ahamiyat berganimda , birinchi lavozim uchun ham, ikkinchisi uchun ham nomzodimni qo‘ymas edim va hozir bu yerda o‘tirmas edim”, deydi Harris.
Harris, shuningdek, Donal’d Trampning “avtoritar boshqaruv” olib borishi haqida o‘z taxminlari amalga oshganini bildirgan.
“Tramp Adliya vazirligini siyosiy vositaga aylantirishini aytgan edi va aynan shunday bo‘ldi”, deydi u.
Intervyu davomida sobiq vitse-prezident AQSHda faoliyat olib borayotgan biznes rahbarlari va institutlarni tanqid qilib, ular Trampning talablariga juda oson bo‘ysunganini qoralagan.
“Trampga tezda bo‘ysunganlar va zolimning oyog‘iga tizzasini bukkanlar juda ko‘p, ular hokimiyat yonida bo‘lib, birlashishdan va tergovdan qochishni xohlaydi”, degan Kamala Harris.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Los-Anjeles politsiyasi xodimlari jamoatchilik noroziligidan keyin sobiq vitse-prezident va Demokratik partiyadan prezidentlikka sobiq nomzod Kamala Harrisning xavfsizligini ta’minlashni to‘xtatgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi