Har bir tumanda bog‘cha qamrovi 80 foizdan kam bo‘lmasligi shartligi belgilandi
Jamiyat
−
09 Sentabr 2025 2952 2 daqiqa
O‘zbekistondagi har bir tumanda bog‘cha qamrovi 80 foizdan kam bo‘lmasligi shartligi belgilandi. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda 80 ta tumanda bog‘cha ochish uchun imtiyozlar e’lon qilingan. Ushbu mexanizmdan unumli foydalanib, bog‘cha o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qashqadaryoning barcha tumanlarida xususiy sektor va chet ellik hamkorlar bilan ikki yil ichida bog‘cha va maktab o‘rni 3 barobar oshgan. Viloyat hokimlariga bu tajribani o‘rganish topshirildi.
Umuman, har bir tumanda bog‘cha qamrovi 80 foizdan kam bo‘lmasligi shartligi belgilandi. Buning uchun viloyat va tuman hokimlari oldiga bo‘sh yerlarni topib, auksionga chiqarish, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda qaysi maktab va bog‘chada bo‘sh joy bo‘lsa, bog‘cha qurish rejasini belgilash vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga bo‘sh yerlarda bog‘cha tashkil etish bo‘yicha xususiy sheriklik yoki sarmoya kiritish sharti bilan uch yillik dastur qabul qilish, yangi xususiy bog‘chalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibini joriy qilish topshirildi.
Bir yilda 2 mingta ko‘p qavatli uy qurilmoqda, ularning to‘rtdan biri “Yangi O‘zbekiston” massivlarida. Bunday massivlarda uylarning birinchi qavatida 100 o‘rinli xususiy bog‘cha ochish bo‘yicha Bektemir va Yangihayot tumanlarida tajriba bor. Buni barcha tuman va shahar hokimlari o‘z hududida qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Endilikda ochiq muloqotda 80 ta tuman uchun aytilgan imtiyozlar yangi ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatida bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga ham berilishi belgilandi. Mutasaddilarga yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda bog‘cha tashkil qilish tartibini ishlab chiqish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev mazkur videoselektor yig‘ilishida ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetmagani uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlarini ishdan olgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi