HAMAS Rossiyaga G‘azodagi mojaroni hal qilishda asosiy rolni taklif qildi
Olam
−
02 mart
12681HAMAS harakati Rossiyaning Falastin-Isroil mojarosini hal qilishda katta rol o‘ynashini kutmoqda. Bu haqda HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Musa Abu Marzuk RIA Novosti’ga ma’lum qildi.
Uning aytishicha, G‘azo sektorida sulh bo‘yicha kelishuvga erishilmagani tufayli, HAMAS harakati Isroil hukumatiga ishonchini yo‘qotmoqda.
"Hozircha bu masala bo‘yicha kelishuv yo‘q. Biz Rossiya AQSH va Isroilga qarshi muvozanatda asosiy o‘yinchi bo‘lishini istaymiz”, deydi Marzuk.
HAMAS harakati AQSH taklifini rad etgan. Marzukning tushuntirishicha, amerikaliklar shunchaki mahbuslarni ozod qilishni va urushni davom ettirishni xohlagan. Shuning uchun ham HAMAS buni rad etgan.
“Biz o‘t ochishni to‘xtatishni, insonparvarlik yordami ko‘rsatilishini, janubga ko‘chirilgan odamlarning shimoldagi uylariga qaytishini va G‘azo sektorini qayta qurishni xohlaymiz”, deydi HAMAS vakili.
Eslatib o‘tamiz, 1-2 mart kunlari turli Falastin harakatlari vakillari ichki bo‘linishni bartaraf etish uchun maslahatlashuvlar o‘tkazish maqsadida Moskvada yig‘ilgandi. Yig‘ilishdan so‘ng HAMAS harakati delegatsiyasi Rossiya Prezidentining Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov bilan uchrashdi.
Rayhona Ulkanbayeva
LiveBarchasi