HAMAS asirlarni AQSH qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarga almashtirmoqchi
Olam
−
10 Oktabr 2023
5466HAMAS asirga olingan isroilliklardan AQSH va Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Associated Press” agentligi xabar berdi.
"Amerikada HAMASni moliyalashtirishda ayblanib hibsga olingan falastinliklar bor. Biz ularning ozod etilishini so‘raymiz", degan HAMAS vakili Ali Barake agentlik bilan suhbatda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, HAMAS Isroilda qamoqqa olingan barcha arablarni ozod qilishga intiladi. Shuningdek, Ali Barake HAMAS mojaro rivojlanishi uchun “barcha ssenariylarga”, jumladan “urush uzoq davom etishi”ga tayyor ekanini aytgan.
"2014 yilda G‘azodagi vaziyat keskinlashganidan so‘ng, HAMASning o‘zi jangchilarni tayyorladi va o‘z raketalarini ishlab chiqardi", deya ma’lumot bergan u.
Shuningdek, HAMASning keng ko‘lamli hujumi Isroil hukumatining Quddus markazidagi Al-Aqso masjidiga qarshi harakatlari va Isroil qo‘lida ushlab turilgan falastinlik mahbuslarga bosim kuchayishi bilan bog‘liq.
“Reuters” esa HAMAS va Isroil o‘rtasida bu borada Qatar vositachilik qilayotganini yozmoqda. Unga ko‘ra, Isroil hududidan olib ketgan 36 nafar ayol va bolalar evaziga qamoqda o‘tirgan bir qancha ayolni almashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borishga harakat qilinmoqda. “Reuters” manbalarining ta’kidlashicha, muzokaralar "ijobiy ketmoqda", biroq hozircha muvaffaqiyat belgilari yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, Isroil hujumlarida 490 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 2750 dan ortiq kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, 7 oktyabrdan beri bosib olingan G‘arbiy Sohilda Isroilning o‘qqa tutilishi oqibatida 15 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Shuningdek, Isroil matbuoti 800 kishi halok bo‘lgani va 2300 dan ortiq isroillik jarohat olgani haqida xabar bergan.
Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
LiveBarchasi