Japarov prezidentlik sayloviga aralashgan amaldorlarni ishdan haydashni buyurdi
Olam
−
11:16 1562 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kecha, 25 sentyabr kuni 2027 yil boshida o‘tishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovini erkin va shaffof o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, pedagoglar, talabalar, tibbiyot xodimlari, ijtimoiy xizmatlar va boshqa davlat hamda munitsipal (o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega bo‘lgan) tashkilotlar xodimlarini nomzodlar foydasiga saylovoldi tashviqotiga jalb qilish taqiqlanadi.
Shunga ko‘ra, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasiga saylovoldi tashviqotida qonunga xilof ravishda ishtirok etgan yoki xizmat mavqeidan nomzodlar manfaati yo‘lida foydalangan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish topshirilgan.
Zarur hollarda bunday rahbarlar va xodimlarni lavozimidan ozod qilish choralari ham ko‘rilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, farmon davlat va munitsipal organlarning saylov jarayoniga aralashuvi hamda ma’muriy resursdan foydalanishning oldini olishga qaratilgan. Markaziy saylov komissiyasiga saylov qonunchiligini bir xil tarzda qo‘llash va fuqarolarni saylov jarayoni haqida xabardor qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish tavsiya etilgan.
Hujjatda xalqaro kuzatuvchilarning Qirg‘iziston qonunchiligiga muvofiq saylov jarayonida ishtirok etishi ham nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston Jogorku Keneshi prezidentlik saylovini 2027 yil 27 yanvar kuniga belgilagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov navbatdagi prezidentlik saylovida ishtirok etib, ikkinchi muddatga saylanish uchun nomzodini qo‘yish niyati borligini bildirgandi.
Joriy yil 24 sentyabr kuni esa Qirg‘izistonning sobiq ichki ishlar vaziri, siyosatchi Omurbek Suvonaliyev ham prezidentlik saylovida nomzod sifatida qatnashish niyati borligini aytgandi. Suvonaliyev, shuningdek, Qirg‘izistonda siyosiy maydon so‘nggi yillarda ancha qisqargani, ayrim siyosatchilarning hibsga olingani yoki siyosiy faoliyati cheklangani haqida ham gapirgan.
Live
Barchasi