Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berildi

Olam

image

Fransiyaga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 mart kuni Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, suhbat avvalida davlat rahbari poytaxt merini yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutlagan, shuningdek, Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilgani uchun minnatdorlik bildirgan.

O‘z navbatida, Ann Idalgo O‘zbekiston rahbariga Olimpiada tadbirlari davrida jamoat xavfsizligini ta’minlashda ko‘rsatilgan yordam uchun tashakkur bildirgan.

Uchrashuvda Prezidentning ushbu tashrifi tarixiy natijalar bilan yakunlangani, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Toshkent va Parij o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va almashinuvlarni imzolangan bitim asosida faollashtirish masalalari muhokama qilingan.

“Shaharsozlikni rejalashtirish, “yashil” hududlar barpo etish, jamoat transportini rivojlantirish, raqamlashtirish, shuningdek, shahar kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish va ulardan barqaror foydalanish borasida tajriba almashish, shular jumlasidan”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, o‘zaro ko‘rgazmalar, madaniyat va san’at kunlari, sayyohlik va gastronomik festivallar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuv yakunida Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilishiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tgan.

Davlat rahbari va Parij meri O‘zbekiston Prezidenti faxriy mehmon sifatida Parij shahrida bo‘lgani to‘g‘risida qo‘shma hujjatni imzolagan. Ushbu esdalik yorlig‘i meriya muzeyida namoyish etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya rahbari Emmanuel Makron Yelisey saroyida Mirziyoyev sharafiga davlat qabul marosimi uyushtirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Shavkat Mirziyoev Frantsiya-O'zbekiston Ann Idal'go

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing