Makron Suriyada. U joylashgan mehmonxona yaqinida portlash bo‘ldi (video)

Olam

image

Bugun, 7 iyul Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Suriyaga tarixiy tashrif bilan borgan paytda Damashq markazida portlashlar yuz berdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, portlashlar Emmanuel Makron Suriya Prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashish uchun Prezident saroyiga kirgan vaqtda “Four Seasons” mehmonxonasi yaqinida sodir bo‘lgan. Ba’zi nashrlarning yozishicha, Fransiya rahbari aynan ushbu mehmonxonadan qo‘nim topgan.

Ma’lumotalarga ko‘ra, poytaxt markazida ketma-ket ikki portlash ovozi eshitilgan. Voqea joyidan katta tutun ko‘tarilgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘chada yonayotgan avtomobil va qon izlari aks etgan. Hozircha qurbonlar va jabrlanganlar soni haqida aniq ma’lumot berilmagan. Shuningdek, portlashlar uchun hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Fransiya tomoni Emmanuel Makronning sog‘-salomat ekanini ma’lum qildi. Prezident tashrif dasturini reja asosida davom ettirmoqda.

Makron Suriyaga kecha, 7 iyul kuni tashrif buyurgan edi. Bu tashrif Suriya yangi hukumati hokimiyatga kelganidan buyon G‘arbiy Yevropa davlat rahbarining mamlakatga ilk tashrifi sifatida baholanmoqda.

SANA xabariga ko‘ra, Makron Damashqda mintaqaviy xavfsizlik, shuningdek, biznes va investitsiya masalalarini muhokama qilish uchun borgan. U Damashq aeroportida Suriya Tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shibani tomonidan kutib olingan.

“Men Fransiyaning Suriya xalqiga bo‘lgan sadoqatini namoyon etish uchun keldim. Maqsadimiz – o‘zining xilma-xilligi bilan birlashgan, suveren va qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashaydigan Suriya kelajagini qo‘llab-quvvatlash”, deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Hozirda Damashqdagi portlashlar yuzasidan tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Emmanuel Makron Suriyaga tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing