“Ijrochilardan rosa jahlim chiqdi”. Surxondaryo hokimi buzilgan uy masalasida gapirdi (video)

Jamiyat

image

Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonining bir qismi o‘zboshimchalik bilan egallanib, u yerda qurilgan uy-joy va boshqa noqonuniy qurilmalar buzdirilgani haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov uy egalari bilan uchrashib, suhbat o‘tkazdi.

Suhbat davomida fuqaroning uyi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonida, tegishli hujjatlarsiz qurilgani qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, Denov tumani G‘alaba massivi, “Chuqurqishloq” mahallasidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonining 0,20 gektar qismi o‘zboshimchalik bilan egallangan. Sud hujjatiga ko‘ra, ularni buzish hamda yer maydonini asl holatiga keltirish belgilangan.

Hokim fuqaro bilan suhbatda qurilish tegishli hujjatlarsiz amalga oshirilganini ta’kidlagan.

“Sizning xatongiz hujjat qilmasdan qurilish qilganingiz. Qonunni buzganingiz, bu qonun buzilsa, hech kim hech kimni qo‘llay olmaydi. Men bugun ko‘rib, to‘g‘risi rosa mana bu ijrochilardan ham jahlim chiqdi. Lekin bu noinsoflar biroz maslahat qilganda, biz sizga narigi tomondan uy qilib, keyin buni buzib tashlardik“, degan Surxondaryo viloyati hokimi.

Shuningdek, hokim sug‘oriladigan yer maydonining toifasini o‘zgartirish bo‘yicha vakolat masalasiga ham to‘xtalgan.

“Sug‘oriladigan joyning toifasini o‘zgartirishga hozir viloyat hokimining ham vakolati yo‘q“, deya qo‘shimcha qilgan hokim.

Shu bilan birga, suhbat davomida hokim fuqaroning uy-joy muammosini qonuniy yo‘l bilan hal etishga yordam berilishini aytgan. Jumladan, auksion orqali qonuniy yer maydoni ajratish va yangi turar joy qurib berish masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.

“Sizga bir qonuniy joy topamiz, auksiondan o‘zingizga qilamiz, shoshilmasdan. 10-15 kun, 20 kun ketar, bir oy ketar. Chiroyli qilib, bitta vatan qilib, sizda ham ertaga egalik huquqi bo‘ladigan, bir meros qilib qoldiradigan, farzandlar bilan bemalol yashaydigan qilsak bo‘ladimi? Yordam beramiz. Bayramgacha, qo‘l tashlashib, kattaroq quruvchi qo‘yib, ishlarni tezlashtiramiz. Uyingiz buzilib ketgani ham bilinmaydigan qilib, tezroq tiklab beramiz“, degan viloyat hokimi.

Suhbat davomida fuqaroning turmush sharoiti, oilasi va sog‘lig‘i bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilingan. Ulug‘bek Qosimov fuqaroning turmush o‘rtog‘ini davolatish, farzandlari bilan bog‘liq masalalarda ham yordam ko‘rsatilishini aytgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing