“Hududgazta’minot” va “Texnopark” mas’ullari kelishib, byudjetdan qariyb 20 mlrd so‘m o‘mardi
3-sahifa
−
31 iyul 5983 1 daqiqa
Toshkent shahrida 19,9 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida “Hududgazta’minot” AJ va “Texnopark” MCHJning ayrim mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatilgani haqida soxta asoslar orqali 19 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Shuningdek, tekshiruvda “Texnopark” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan iste’molchilarga o‘rnatilgan 273 dona gaz hisoblagichi ko‘rsatkichlarni kam hisoblagani ma’lum bo‘lgan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 861,1 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati bo‘yicha hisoblangan 309 million so‘mlik zarar miqdorini kamaytirib berish evaziga fuqarodan yirik miqdorda pul talab qilgani fosh etilgandi.
Live
Barchasi