Jizzaxda Damas avtomobilida 56 nafar bog‘cha bolasi tashildi

3-sahifa

−

image

Jizzaxda ikki haydovchi Damas’da 56 nafar bog‘cha bolasini tashigani aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jizzaxda 2 nafar Damas haydovchisi tomonidan har bir transport vositasida 28 nafardan, jami 56 nafar bog‘cha bolasi tashilgan.

“Haydovchi, ta’lim muassasasi mas’ullari va ota-onalarga bolalarni bu kabi olib yurish hech qaysi xavfsizlik qoidalariga javob bermasligi, yo‘l bu o‘yin maydoni emas, yo‘l hamisha tasodiflarga boy bo‘lishi tushuntirilsa-da, afsuski, bu holatga panja ortidan qarab, bolalarning hayoti bilan o‘ynayotganlar hanuz uchramoqda”, deyiladi YHX videomurojaatida.

Ma’lumot uchun, Bosh prokuratura bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, haydovchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (20,6 million so‘mgacha) jarima, 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum etish, ayrim hollarda esa 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil boshidan buyon Damas’da me’yoridan ortiq bog‘cha bolasini tashish holati bir necha bor aniqlangan. Xususan, joriy yilning fevral oyida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida 23 nafar bolani Damas’da tashigan haydovchiga chora ko‘rilgan. Shuningdek, may oyida esa Samarqand viloyatining Jomboy tumanida Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan Damas saloniga 24 va 28 nafar bolani mindirib harakatlanayotgan ikki haydovchi aniqlangan.

Bundan tashqari, iyul oyida Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida 28 nafar, avgust oyida Toshkent shahrida 25 nafar bolani Damas rusumli avtomashinada noqonuniy olib ketayotgan haydovchilarga ham chora ko‘rilgandi. Sentyabr oyining boshida esa Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida 16 nafar bog‘cha bolasini Damas’da olib ketayotgan haydovchi aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing