Zelenskiy Putinni Kiyevga taklif qildi
Olam
−
06 Sentabr 9790 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning Ukrainadagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralar uchun Moskvaga borish taklifini rad etdi va unga Kiyevga kelishni taklif qildi. Bu haqda u ABC News'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“U Kiyevga kelishi mumkin. Mamlakatim har kuni raketa o‘qlari ostida, hujum ostida bo‘lganida, men Moskvaga bora olmayman”, dedi Zelenskiy.
Ukraina Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Putinning taklifi aslida “uchrashuvni keyinga qoldirish”ga qaratilgan.
Rossiya va Ukraina rahbarlari uchrashuviga tayyorgarlik haqida AQSH Prezidenti Donald Tramp Putin bilan Alyaskadagi uchrashuvi va Zelenskiy hamda Yevropa rahbarlari bilan Oq uydagi sammitidan so‘ng e’lon qilgan edi. Zelenskiy muzokaralarni Yevropaning neytral hududida, masalan, Shveysariya yoki Avstriyada, yoki Turkiyada o‘tkazishni taklif qilgan.
Putin esa uchrashuvni Moskvada o‘tkazish taklifini ilgari surgan, biroq Zelenskiy buni rad etgan. Joriy yilning 3 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti o‘z taklifini ochiq e’lon qildi.
“Donald mendan, agar imkon bo‘lsa, shunday uchrashuvni o‘tkazishni so‘radi. Agar Zelenskiy Moskvaga kelishga tayyor bo‘lsa, bunday uchrashuv bo‘ladi”, degan edi u.
Shu bilan birga, Rossiya rahbari bunday uchrashuvda ma’no borligiga shubha bildirgan. 5 sentyabr kuni Putin agar Moskva shahrida uchrashuv bo‘ladigan bo‘lsa, Rossiya Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga xavfsizlikni 100 foiz kafolatlashini aytdi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa Putinning Zelenskiyni muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga chorlovi qabul qilib bo‘lmaydigan taklif ekanini aytdi. Sibiganing so‘zlariga ko‘ra, kamida yetti davlat Ukraina va Rossiya Prezidentlarining uchrashuviga mezbonlik qilishga tayyor. Ularga Avstriya, Vatikan, Shveysariya, Turkiya va Fors ko‘rfazidagi uch davlat kiradi.