O‘zbekistonliklar uchun ochilayotgan Umra, yonayotgan yerosti, eri panjara ortiga kirayotgan Tixanovskaya... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
15 dekabr 2021 12781 6 daqiqa
Jamiyat
O‘zbekistonliklar uchun Umra safari tiklanishi kutilyapti. Ammo...
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev boshchiligidagi delegatsiya Umra ziyoratini tashkil qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik.
Joriy yilning 1-9 dekabr kunlari Saudiyada bo‘lgan delegatsiya butun dunyoda qo‘llanilayotgan karantin cheklovlari sharoitida Umra safarini tashkil qilish bo‘yicha Podshohlik muassasalari bilan muzokaralar olib bordi.
“Inshaalloh, yaqin fursatlarda, COVID pandemiyasi boshlanishidan avval Umra safari uchun pul to‘lab, navbatda turganlar va boshqa fuqarolar uchun tabarruk ziyoratni amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi”, deyiladi Musulmonlar idorasi xabarida.
Banklarda dollar kursi yana rekord o‘rnatdi
Bugun, 15 dekabrdan O‘zbekistondagi tijorat banklarida AQSH dollarining sotuv kursi 10 900 so‘mgacha ko‘tarildi. Bu mamlakatda dollar kursi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
O‘z navbatida, tijorat banklari AQSH dollarini 10 830-10 840 so‘m oralig‘ida sotib olmoqda.
O‘zbekistonda 4 mln tonna radioaktiv chiqindi borligi ochiqlandi
Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 mln tonna radioaktiv chiqindi mavjud. Bu radioaktiv chiqindilar Sovet Ittifoqi davrida uran konlari faoliyati natijasida to‘planib qolgan.
Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, bu muammo Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham mavjud. Masalan, Qozog‘istonda — 240 mln. tonna.
Ushbu chiqindilar joylashgan hududlarni ekologik sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi hamda qator davlatlarning homiyligi yordamida 2 mln yevro miqdorida birinchi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Epidemiyaga tayyorgarlik reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Amerikaning Nuclear Threat Initiative notijorat tashkiloti, Jons Xopkins universiteti salomatlik xavfsizligi markazi va “Economist” jurnali tahlil markazi tomonidan tuzilgan epidemiyaga tayyorlik reytingida O‘zbekiston 82-o‘rinni egalladi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston 55-o‘rinda, Qirg‘iziston 68-o‘rinda, Turkmaniston 119-o‘rinda, Tojikiston 140-o‘rinda joylashgan. Umuman olganda, reytingga dunyoning 195 ta davlati kiritilgan.
Toshkentda yo‘lda ketayotgan Orlando yonib ketdi
Kecha, 14 dekabr kuni taxminan soat 19:30da Shayxontohur tumanining Islom Karimov ko‘chasida harakatlanib ketayotgan Orlando yonib ketgan. Bu haqda poytaxtIIBB Matbuot xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in avtomobil kapoti ostidagi qisqa tutashuv oqibatida yuzaga kelgan.
Avtomobilni boshqarayotgan 40 yoshli Sh.A. transport vositasini to‘xtatib, voyaga yetmagan bolalari – 17 yoshli S.A. va 15 yoshli S.A. bilan mashinadan tushib ketgan.
Qashqadaryoda yerosti yonmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi qishloqda yerosti yonayotgani haqida video va suratlar tarqaldi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Chiroqchi tuman “Yangi qurilish” MFY Xo‘ja Abdujabbor qishlog‘i hududidagi yerdan chiqayotgan tutun Chiroqchi tuman nazorat inspeksiyasi inspektorlari, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, "Hududgaz ta’minot" tuman filiali xodimlari tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish jarayonida taxminan 0,10 gektar yer maydon avval yonib o‘chganligi va hozirda kunda taxminan 0,01 gektar yer maydoni ustidan tutun chiqib atrofga badbo‘y hid tarqalayotganligi kuzatilgan.
Olam
Lukashenkoning ashaddiy dushmani Svetlana Tixanovskayaning eri 18 yilga qamaldi
Belarusda Aleksandr Lukashenkoga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini uyushtirgan muxolifat yetakchisi 18 yilga qamaldi. Mahalliy matbuotga ko‘ra, 2020 yilgi prezidentlik saylovida muxolifat o‘laroq o‘z nomzodini qo‘ygan Aleksadr Tixanovskiy umrining 18 yilini qattiq tartibli qo‘riqlanadigan qamoqxonada o‘tkazadi.
"Sovetskaya Belarus" davlat gazetasining xabar berishicha, Tixanovskiy bilan birga sudlangan yana besh muxolifatchi 14 yildan 16 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan. Ular orasida 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan faxriy muxolif siyosatchi Mikola Statkevich ham bor.
Pashinyan va Aliyev Yevropa kengashi raisi bilan uchrashdi. Unda nimalarga kelishildi?
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan uch tomonlama uchrashuvda Qorabog‘ bo‘yicha 2020 yil 9 noyabr va 2021 yil 26 noyabrda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga va’da berdi. Bu haqda Mishelning muzokaralar yakunlari bo‘yicha Bryusselda tarqatilgan bayonotida aytiladi.
“Bosh vazir Pashinyan va Prezident Aliyev 2020 yil 9 noyabr va 2021 yil 11 yanvardagi ikki uch tomonlama bayonotlar doirasida qabul qilingan asosiy majburiyatlar bajarilishini va 2021 yil 26 noyabrda Sochida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishi kerakligini tasdiqladilar”, deyiladi unda.
“Tolibon” tinch aholini qirib tashlamoqda – BMT
BMT Inson huquqlari agentligi Afg‘onistonning “Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan yangi hukumati xalqaro koalitsiya kuchlari bilan hamkorlik qilgan aholini ta’qib qilmaslik to‘g‘risidagi va’dalariga qaramay, tinch aholini qirib tashlayotgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, agentlik “Tolibon” hokimiyatga kelganidan beri sud va tergovsiz sodir etilgan 100 dan ortiq qotillikni isbotlagan.
Qurbonlarning barchasi Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari va sobiq hukumatining xodimlaridir. “Human Rights Watch” xayriya tashkiloti hisobotiga ko‘ra, so‘nggi bir necha hafta ichida 47 kishi o‘ldirilgan.
BMT Termiz orqali Afg‘onistonga yordam jo‘natdi
Bugun, 15 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi O‘zbekistonning Termiz shahridan Afg‘onistonga yuk mashinalarida gumanitar yordam jo‘natdi. Bu haqda agentlik saytida xabar berilgan.
Ta’kidlanishicha, yuklar O‘zbekiston hukumati ko‘magida Termiz yuk markazida tashkil etilgan BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi gumanitar markazidan jo‘natilgan. O‘zbekiston janubida, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidan ikki kilometrdan kamroq masofada joylashgan Termiz yuk markazi BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligining afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlaridagi asosiy element hisoblanadi.
Sport
Yangilangan IBF reytingida o‘zbekistonlik bokschilarning o‘rni qanday?
Xalqaro boks federatsiyasi IBF bokschilarning yangilangan reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra birinchi yarim yengil vazn toifasida (55,3 kg) Murodjon Ahmadaliyev (10-0) chempion sifatida qayd etilgan. “Mj Kaka” shuningdek, WBA yo‘nalishi chempioni ham hisoblanadi.
Yarimo‘rta vazn (-66,6 kg) toifasida ringga ko‘tariladigan Qudratillo Abduqahhorov (18-1) esa 1-pog‘onadan joy olgan. U mazkur vazn toifasida chempionlik kamari uchun rasmiy da’vogar hisoblanadi. Ayni paytda IBF kamari amerikalik Errol Spensga tegishli. Bir necha kun avval Abduqahhorov kanadalik Kodi Krovliga qarshi to‘qnashuvda ochkolar hisobiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi.
“Inter” yurak hurujiga uchragan Eriksen bilan shartnomani bekor qiladi
Milanning “Inter” klubi yarim himoyachi Kristian Eriksen bilan shartnomani tugatishga yaqin turibdi. Bu haqda italiyalik jurnalist-insayder Nikolo Skira xabar berdi.
29 yoshli daniyalik futbolchi va “neradzurrilar” tez orada shartnomani bekor qiladi.
Aguero yuragidagi muammolari sabab faoliyatini yakunladi
Bugun, 15 dekabr kuni “Barselona” hujumchisi Serxio Aguero 33 yoshida professional faoliyatini yakunladi, bu haqda forvard klub vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Ma’lum bo‘lishicha, argentinalik futbolchi yurakdagi muammolar tufayli shunday qarorga kelgan. Matbuot anjumani davomida Aguero uzoq vaqt ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
Live
Barchasi