O‘zbekiston rahbari Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida o‘t ochish to‘liq to‘xtatilganini olqishlashini ma’lum qildi. Bu haqda Prezident bugun, 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tkazilgan sammitida ta’kidladi.

“Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududidagi o‘t ochish va barcha harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasining faol ko‘magida erishilgan kelishuvlarni olqishlaymiz. Ushbu hududda tinch hayot va barqarorlik tez fursatda tiklanishiga umid bildiramiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi navbatdagi qurolli to‘qnashuv joriy yilning 27 sentyabr kuni boshlangandi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qildi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar.

Tomonlar uch marta sulh tuzdi. Ammo ularning hech biri muvaffaqiyatli bo‘lmadi.

Joriy yilning 8 noyabr kuni Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi muhim ahamiyatga ega Shusha shahrini ozod qilishi bilan harbiy harakatlarda tub burilish yasaldi. Endilikda Ozarbayjon harbiylari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining ma’muriy markazi Xonkandi (Stepanakert)ga hujum qilishi mumkin bo‘lib qoldi.

Oradan ko‘p o‘tmay esa tomonlar Rossiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta tumanni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.

Shuningdek, Qorabog‘ga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritiladi. Ular Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yo‘lakki joylashtiriladi. Rasmiy Baku tez orada nazoratiga o‘tuvchi Lochin tumani hududida barpo qilinadigan yo‘lakdan har ikki tomon fuqarolari xavfsiz o‘tishini ta’minlashga va’da berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qorabog' mojarosi

Baholaganlar

70

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing