“Tolibon” o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun do‘ppi hamda salla kiyishni majburiy qildi
Olam
−
22 fevral 3154 2 daqiqa
“Tolibon” harakatining ta’lim vazirligi “Kiyim-kechak nizomi”ni tasdiqlab, Afg‘oniston maktablarida o‘g‘il bola o‘quvchilar va erkak o‘qituvchilar uchun ko‘ylak va ishton, shuningdek, do‘ppi yoki salla kiyishni majburiy qildi. Bu haqda “Etilaatroz” nashri xabar berdi.
Nizomda qayd etilishicha, o‘quvchilarning kiyimi matodan tikilgan ko‘ylak va ishtondan iborat bo‘lib, ko‘ylak etagi tizzadan pastroqqa tushishi kerak. Davlat maktablarining 1-sinfdan 9-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari havorang ko‘ylak va ishton kiyishi hamda boshlariga do‘ppi yoki salla o‘rashi lozim. 10-12-sinf o‘quvchilari esa oq rangda ko‘ylak va ishton kiyib, salla o‘rashi shart.

Xususiy maktablarga esa o‘quvchilarining kiyim rangini tanlash va o‘z belgilarini kiyimga yopishtirishga ruxsat berilgan.
Nizomga muvofiq, erkak o‘qituvchilar ham ko‘ylak va ishton kiyib, salla yoki hech bo‘lmaganda do‘ppi kiyishi kerakligi belgilangan. O‘quvchilar va o‘qituvchilarning kiyimlari belgilangan uzunlikdan juda qisqa yoki juda uzun, tor va yopishib turuvchi hamda yupqa bo‘lmasligi kerak.
Agar o‘quvchi belgilangan kiyimni hech qanday uzrli sababsiz kiymasa, birinchi marta unga ogohlantirish beriladi. Takroran buzsa, uning oilasi huzurida unga bu qoidani qayta buzmaslik haqida majburiy tilxat yozdiriladi.
“Tolibon”ning ta’lim vazirligi ushbu nizom tartib-intizomni shakllantirish, o‘quvchilar orasida ta’lim olish va itoatkorlik ruhini mustahkamlash, boy va kambag‘al oilalar farzandlari orasida tenglik hissini yaratish, o‘quvchilar va boshqa shaxslar orasida farqni belgilash hamda islomiy kiyim madaniyatini mustahkamlash maqsadida joriy etilganini ta’kidladi.
“Tolibon” yetakchisi Hibatulloh Oxunzoda ushbu nizomni ma’qullagan va shundan so‘ng, ta’lim vazirining muvaqqat rahbari Habibulloh Og‘a barcha viloyatlarning ta’lim boshqarmalariga uni amaliyotga tatbiq etishni buyurgan.
Nizomda qiz o‘quvchilar va ayol o‘qituvchilarning kiyimlari haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati oliy ta’lim vazirligi 500 talabaga Rossiyaga o‘qishga borishni taqiqlagandi. “Tolibon” bu taqiqni talabalarning Rossiyaga musulmon bo‘lib ketib, kommunist bo‘lib qaytmoqda, degan bahona bilan izohlagandi.
Live
Barchasi