“Tolibon” rasmiysi xotin-qizlar ta’limiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga chaqirdi
Olam
−
21 yanvar
2443Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Shermuhammad Abbos Stanikzay mamlakat oliy rahbariyatini xotin-qizlar uchun ta’lim taqiqini bekor qilishga chaqirdi. Bu haqda “Tolonews” xabar berdi.
“Tolibon” hukumati yuqori lavozimli amaldori tomonidan e’lon qilingan bu bayonot joriy yilning 19 yanvar kuni Host viloyatidagi mahalliy madrasa bitiruvchilariga diplom topshirish marosimida yangradi. Stanikzay ushbu taqiq mamlakatning oliy rahbari tomonidan kiritilgan bo‘lsa-da, uning shariat qoidalariga muvofiq emasligini ta’kidlagan.
“Bugun biz 40 millionlik mamlakat aholisining 20 million kishisiga nisbatan adolatsizlik qilyapmiz. Biz ularni barcha huquqlardan mahrum qildik. Ularning meros huquqi yo‘q, ular o‘z erlarining huquqlarini belgilashda ishtirok etmaydi, majburiy nikohlarda qurbon qilinadi, o‘qishga ruxsat berilmaydi, masjidlarga borolmaydi. Universitetlar, maktablar va madrasalar eshiklari ham ular uchun yopiq”, dedi u.
Stanikzayning ta’kidlashicha, qizlar uchun ta’lim eshiklarini yopish uchun hech qanday asos yo‘q. U, shuningdek, mamlakat yetakchilarini ta’lim taqiqini bekor qilishga chaqirgan.
“Biz rahbarlardan ta’lim eshiklarini ochishini so‘raymiz. Hozir bo‘layotgan voqealarni oqlaydigan qabul qilarli asos yo‘q va hech qachon bo‘lmaydi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri bu mamlakatda ayollarga ta’lim olish, erkak hamrohligisiz sayohat qilish va jamoat joylarida, ayniqsa erkaklar bilan gaplashish, hatto savdolashish ham taqiqlangan. Shuningdek, ularga parklarga tashrif buyurish, suzish yoki sport bilan shug‘ullanish man etiladi. Go‘zallik salonlari ham taqiqlangan. Ayollar paranjilarsiz ko‘chada yura olmaydi. Ammo shu bilan birga, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun bekor qilingan. Bungacha ayollar ko‘pincha ommaviy ravishda kaltaklanardi va g‘ayriislomiy xatti-harakatlar uchun qamoqqa tashlanardi.
LiveBarchasi